
10-iyul kuni Shimoli-sharqiy Afrikada joylashgan Eritreya O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 162-davlat bo‘ldi. Bu haqda Eritreyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi ma’lum qildi.
Mazkur hujjat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi vakolatxonalarida imzolandi. Eritreyaning BMTdagi doimiy vakili Sofiya Tesfamariam va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov qo‘shma kommyunike imzolab, ikki davlat o‘rtasida rasman diplomatik aloqalar o‘rnatilganini e’lon qildi.
Tomonlar bu voqeani o‘zaro hurmat va manfaatlarga asoslangan yangi hamkorlik bosqichi sifatida baholadi. Kelgusida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Eritreya Afrikaning Shimoli-sharqida joylashgan bo‘lib, aholisi 3,9 million kishidan oshadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning Serbiyadagi birinchi elchisi tayinlangani haqida xabar bergan edi.