
Qozondagi «Ak Bars Arena» stadionida Rossiya Superkubogi uchun boʻlib oʻtgan oʻyinda «Krasnodar» va «SSKA» jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Titul uchun kechgan bellashuvda Moskva klubi 1:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Uchrashuvning yagona golini «SSKA» himoyachisi Igor Diveyev 48-daqiqada burchak zarbasidan soʻng kiritdi. Shu tariqa «armiyachilar» oʻz tarixlarida sakkizinchi marta Superkubokni qoʻlga kiritdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha ulardan faqat «Zenit» (9-marta) oldinda turibdi.
«Krasnodar» esa klub tarixidagi ikkinchi katta sovrinni yutish imkoniyatini qoʻldan chiqardi. Ma’lumki, klub oʻtgan mavsumda ilk bor mamlakat chempioni boʻlgan edi.
Oʻyinda oʻzbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev 79-daqiqada zaxiradan oʻyinga qoʻshildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abbos Fayzullayev ham Turkiyaning «Başakşehir» klubiga o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.