Yozda elektr energiyasi xarajatlarini qanday tejash mumkin

12-iyul 2025 08:00 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Yozda elektr energiyasi xarajatlarini qanday tejash mumkin. Foto: Quick Electricity

Yoz — ko‘pincha elektr energiyasi eng ko‘p sarflanadigan fasl. Konditsioner, ventilyator, muzlatgichlar, suv nasoslari — bularning barchasi hisob-kitobingizni oshiradi. Kursiv Uzbekistan ushbu maqolada jazirama issiqda elektr energiyasini va unga sarflanadigan xarajatlarni qanday kamaytirish mumkinligi haqida so‘z yuritadi.

Electricityrates ma’lumotlariga ko‘ra, elektr energiyasi xarajatlarini oshiradigan maishiy texnikalar orasida kir yuvish va uni qurituvchi mashinalar, muzlatkichlar yetakchi o‘rinda. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, oddiy qoidalar va kichik o‘zgarishlar bilan yozgi elektr to‘lovlaringizni sezilarli kamaytirishingiz mumkin.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Konditsioner ishlatishning oson, tejamkor yo‘llari

Foto: becoolrefrigeration.co.uk/

Yozgi hisob-kitobning katta qismi aynan konditsionerga to‘g‘ri keladi. Jazirama kunlarida ko‘pchilik konditsionerni kun bo‘yi o‘chirib-yoqib, qulaylik yaratishga harakat qiladi. Biroq to‘g‘ri ishlatilmasa, u eng katta xarajat manbasiga aylanishi hech gap emas.

Energiya va pulni tejash uchun birinchi navbatda xona haroratini me’yorda — 24–26 daraja atrofida ushlab turish tavsiya etiladi. Har bir qo‘shimcha daraja pasayishi sizning oy oxiridagi hisob-kitobingizni oshiradi. Shuning uchun konditsionerni haddan ortiq sovuq holatda ishlatish o‘rniga, optimal darajani tanlash maqsadga muvofiq.

Yana bir muhim jihat — xona ichiga issiqlikning kirib kelishini kamaytirish. Buning uchun kunduz kuni derazalarni yopiq holda saqlash va qalin parda tortib qo‘yish katta yordam beradi. Parda va yopiq deraza quyoshning issiqligini to‘sib, konditsionerning ortiqcha ishlashini oldini oladi.

Konditsionerning filtrlari va ichki panellari doimiy tozalikda bo‘lishi ham elektrni tejashda muhim ahamiyatga ega. Chang bosgan yoki ifloslangan filtrlar havo aylanishini qiyinlashtiradi, bu esa moslamaning ko‘proq quvvat ishlatishiga olib keladi. Shu sababli, kamida oyda bir marta tozalab turish tavsiya qilinadi.

Odatda maishiy (uy) konditsionerning quvvati 1,5 kVt dan 3 kVt gacha bo‘ladi. Masalan, 2,2 kVt quvvatli konditsioner soatiga 2,2 kVt·soat elektr ishlatadi.

Chiroq va muzlatkich: ko‘rinmaydigan xarajatlarni kamaytiring

Oddiy lampalarni zamonaviy LED lampalarga almashtirish katta tejash imkonini beradi. Foto: Quick Electricity

Odatda yozda kunlar uzoq, tong erta boshlanadi va kech tushishi ham ancha kechikadi. Shunga qaramay, ko‘pchilik ortiqcha lampalarni yoqib qo‘yib, keraksiz ravishda elektr sarflaydi. Agar tabiiy yorug‘lik yetarlicha bo‘lsa, barcha xonalarni chiroq bilan yoritishning hojati yo‘q. Imkon qadar kun yorug‘idan maksimal foydalanib, chiroqlarni faqat kechqurun yoki qorong‘i joylarda yoqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Agar imkoningiz bo‘lsa, oddiy lampalarni zamonaviy LED lampalarga almashtirish katta tejash imkonini beradi. Oddiy lampalarga qaraganda LED chiroqlar 80 foizgacha kam energiya sarflaydi va ancha uzoq xizmat qiladi. Shuningdek, uy ichida keraksiz xonalarni chiroq yoqilgan holatda qoldirmaslik, ayniqsa yo‘lak va balkonlarda harakat sensori o‘rnatish ham qulay yechim. Bunday sensorlar odam chiqqandan keyin chiroqni avtomatik o‘chiradi va ortiqcha energiya isrofini oldini oladi.

Masalan: Oddiy LED lampaning quvvati o‘rtacha: 10 Vt (0,01 kVt). Odatda bir xonada o‘rtacha uchta chiroq yoqiladi va kechqurun o‘rtacha besh soat yonadi. Bunda uchta chiroqqa kuniga 0,15 kVt ketadi.

Muzlatkich sarfi

Muzlatgich bo‘sh turgandan ko‘ra to‘liq to‘ldirilganida samaraliroq ishlaydi. Foto: Unsplash

Yozda muzlatgich ham ko‘pincha ortiqcha yuklanadi. Sababi issiq havoda ularni ko‘p ochib-yopishga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, eski yoki juda katta hajmdagi muzlatgichni almashtirish haqida o‘ylash kerak. Zamonaviy, kam energiya iste’mol qiladigan modellarga o‘tish o‘zini tezda oqlaydi.

Muzlatgich eshigi imkon qadar qisqa muddatga ochilishi kerak. Uzoq ochiq qolgan eshik ichkaridagi sovuq havoni chiqarib yuboradi, natijada sovutish moslamasi ko‘proq ishlashga majbur bo‘ladi va bu elektr sarfini oshiradi. Shu bilan birga, muzlatgich ichidagi muz qatlami va changni muntazam tozalab turish lozim. Chunki qalin muz qatlami sovutish tizimini yomonlashtiradi va qo‘shimcha energiya talab qiladi.

Yana bir oddiy, ammo foydali qoidani unutmaslik kerak — muzlatgich bo‘sh turgandan ko‘ra to‘liq to‘ldirilganida samaraliroq ishlaydi. Sababi to‘la bo‘lganda ichkaridagi sovuq havo tez chiqib ketmaydi. Shu sababli, muzlatgichingizni maqsadli to‘ldirish, mahsulotlarni tartib bilan joylash ham energiya tejashga hissa qo‘shadi.

Muzlatgichning o‘rtacha quvvati va sarfi ishlab chiqaruvchiga qarab farq qiladi. Masalan: Zamonaviy muzlatgichning o‘rtacha quvvati: 150 Vt (0,15 kVt). Muzlatgich doim ishlaydi, lekin kompressor doimiy ishlamaydi.

Suv xarajatlarini qanday cheklash mumkin

Suv narxi oshadi
Foto: Pexels.com

Ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar uchun suv ta’minoti ham elektr xarajatlariga sezilarli ta’sir qiladi. Chunki sovuq suv va issiq suv nasoslari uy ichida suv aylanmasini ta’minlab turish uchun doimiy ravishda elektr energiyasidan foydalanadi. Nasoslar qanchalik ko‘p ishlasa, hisob-kitob ham shunchalik oshadi.

Suv bilan bog‘liq yuvish, tozalash, hammom olish ishlarini imkon qadar kechasi bajarish foydali. Chunki kechasi suv bosimi odatda yaxshiroq bo‘ladi va nasoslar kam quvvatda ishlaydi. Bu esa elektr isrofini kamaytiradi va nasosning yuklanishini yengillashtiradi.

Yana bir muhim jihat — uydagi quvurlar va suv chiqaradigan kranlarni muntazam tekshirib turish lozim. Agar biror joyda suv tomchilab tursa, u nafaqat suvni, balki nasosning ortiqcha ishlashini ham keltirib chiqaradi. Shuning uchun ortiqcha tomchilashni bartaraf etish orqali ham suv, ham elektr xarajatlarini nazorat ostida ushlab turish mumkin.

Ko‘p qavatli uylarda va ba’zi xonadonlarda nasoslar yordamida suv yuqoriga ko‘tariladi. Nasos quvvati uy turiga va suv sarfiga bog‘liq.

O‘z uyida mustaqil suv nasosi ishlatadigan odamlar odatda 300–500 Vt quvvatli nasosdan foydalanadi. Kuniga o‘rtacha 2–3 soat nasos ishlaydi (hamma suv ishlatgan vaqtda).

Kutish rejimidagi qurilmalar – yashirin isrof manbai

Kutish rejimidagi qurilmalar – yashirin isrof manbai. Foto: rbc.ua

Ko‘pchilik uyda turli elektr jihozlarini «kutish rejimida» yoki «standby» holatda qoldirish ham elektr energiyasini muntazam ravishda isrof qilishi mumkinligini yaxshi bilmaydi. Televizor, kompyuter, Wi-Fi router, zaryadlovchi qurilmalar rozetkaga ulanganda yoki qizil chiroq yonib turgan holatda ham oz-ozdan elektr «yeyishda» davom etadi. Shu sababli uyda hech kim bo‘lmaganda barcha qurilmalarning quvvat manbalarini o‘chirish odatini shakllantirish muhim. Ayniqsa, telefon yoki boshqa gadjet zaryadlovchilarini doimiy ravishda rozetkada qoldirmaslik kerak.

Elektr jihozlari qancha energiya sarflaydi

Quyida O‘zbekistondagi amaldagi elektr energiyasi tariflari bo‘yicha (2025-yil 1-maydan) eng past stavka — 1 kVt·soat uchun 600 so‘m — bo‘yicha uyda tez-tez ishlatiladigan jihozlar sarfini hisob-kitob qilamiz. Agar umumiy iste’mol 200 kVt·soatdan oshsa, yuqori tariflar amal qiladi. Shuning uchun bu faqat boshlang‘ich, minimal variant sifatida ko‘riladi.

Konditsioner sarfi

Agar uni kuniga 8 soat ishlatsangiz:

  • 2,2 kVt × 8 soat = 17,6 kVt·soat
  • 1 kVt·soat = 600 so‘m bo‘lsa: 17,6 kVt·soat × 600 so‘m = 10 560 so‘m (kuni bo‘yi ishlaganda)
  • 1 oylik (30 kunlik) xarajat: 10 560 so‘m × 30 kun = 316 800 so‘m

Demak, kuniga 8 soat ishlaydigan 2,2 kVt quvvatli konditsioner oyiga o‘rtacha 316 800 so‘mga tushadi

LED lampa sarfi

  • 3 ta lampaning jami quvvati: 10 Vt × 3 = 30 Vt = 0,03 kVt
  • Kunlik sarf: 0,03 kVt × 5 soat = 0,15 kVt·soat
  • Oylik sarf (30 kun): 0,15 kVt·soat × 30 = 4,5 kVt·soat
  • Narxi: 4,5 kVt·soat × 600 so‘m = 2 700 so‘m

Agar eski lampalar ishlatilsa (masalan, 60 Vt × 3 = 180 Vt) — sarf 3-4 baravar oshadi.

Muzlatkich sarfi

  • Kuniga taxminan 8 soat real ish vaqti deb olsak: kunlik: 0,15 kVt × 8 soat = 1,2 kVt·soat.
  • Oylik: 1,2 kVt·soat × 30 kun = 36 kVt·soat.
  • Narxi: 36 kVt·soat × 600 so‘m = 21 600 so‘m

Eski muzlatgichlar esa ko‘proq elektr «yeydi» — 200–300 Vt quvvat bo‘lishi mumkin.

Suv nasos sarfi

Masalan, Nasos quvvati o‘rtacha 400 Vt = 0,4 kVt va kunlik ish vaqti 2 soat bo‘lsa:

  • Kunlik: 0,4 kVt × 2 soat = 0,8 kVt·soat;
  • Oylik (30 kun): 0,8 kVt·soat × 30 = 24 kVt·soat;
  • Narxi: 24 kVt·soat × 600 so‘m = 14 400 so‘m.

Agar sizning uyingiz markaziy suv tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, lekin podvalda suv bosimi uchun umumiy nasos ishlasa, bu xarajat kvartiraga bo‘lingan bo‘ladi. Odatda bunday hollarda har bir kvartiraga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha elektr xarajati oyiga 5–10 kVt·soat atrofida bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun elektr hisoblagichni doimiy nazorat qilib borish ham oylik xarajatlarni kamaytirishga katta yordam beradi. Ko‘pchilik elektr energiyasi uchun qancha sarflayotganini faqat oyning oxirida biladi, ammo haftalik nazorat qilinsa, ortiqcha sarf qayerda yuz berayotgani aniq ko‘rinadi.

Masalan, har hafta bir marta hisoblagich ko‘rsatkichini suratga olib, uni avvalgi raqamlar bilan taqqoslab boring. Bu oddiy usul sizga oilaviy «energiya budjeti»ni rejalashtirishga yordam beradi. Agar qancha limit belgilanganini va qayerda ortiqcha ketayotganini bilsangiz, keraksiz energiya sarfini kamaytirish osonlashadi.

Yoz oylarida elektr energiyasi, suv va boshqa uy xarajatlarini nazorat qilish — nafaqat oylik byudjetingizni himoya qilish, balki atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashishning ham eng oddiy usuli. Konditsionerni me’yorda ishlatish, ortiqcha chiroqlarni o‘chirish, muzlatgich va suv nasoslarining ortiqcha yuklanishini oldini olish, rozetkada keraksiz qurilmalarni qoldirmaslik va hisoblagichni doimiy nazorat qilib turish — bularning barchasi oddiy ko‘rinadi, lekin natijada katta tejashga olib keladi.

Avvalroq O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan energiya hajmi 5 mlrd kilovatt/soatga yetgani haqida xabar bergandik.

Hozirda respublikaning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 119 megavattlik 11 ta quyosh va 4 ta shamol elektr stansiyasi ishlamoqda. Yil boshidan buyon quyosh stansiyalari 3,1 mlrd kVt/soat, shamol stansiyalari esa 1,9 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

Mazkur natijalar 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga, atmosferaga 2,2 mln tonnadan ortiq zararli gazlar chiqishining oldi oldi.

Shuningdek