AQSh Davlat departamentida mingdan ortiq xodim ishdan bo‘shatildi

AQSh Davlat departamentida mingdan ortiq xodim Tramp administratsiyasi tomonidan maqsadida majburiy ravishda ishdan bo‘shatildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, 1 107 fuqaro xizmati va 246 xorijiy xizmat vakillari o‘z ish joyidan ayrildi. Bu haqda juma kuni xodimlarga yuborilgan rasmiy bildirishnomada ma’lum qilingan.
Yil boshida yana 1 500 dan ortiq xodim o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgan edi. Bu barcha harakatlar Tramp ma’muriyati tomonidan federal hukumatni optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ammo tanqidchilar fikricha, bunday keng miqyosdagi qisqartirishlar AQShning tashqi siyosatdagi roli va samaradorligiga jiddiy zarar yetkazadi. Xususan, Qochqinlar va migratsiya byurosida ishlagan deyarli barcha fuqarolik xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Bu idora AQShga qochqinlarni joylashtirish dasturini yuritardi.
Shuningdek, Afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi CARE ofisi xodimlari ham ishdan ketganlar safida bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ishdan bo‘shatilgan xodimlar Davlat departamenti binosini tark etayotgani tasvirlangan. Ularni tashqarida «Amerika diplomatlariga rahmat» va «Biz barchamiz yaxshiroq munosabatga loyiqmiz» degan plakatlar bilan kutib olgan norozilik namoyishchilari aks etgan.

«Bu odamlarni bo‘shatish emas, balki butun boshli bo‘limlarning yopilishi bilan bog‘liq. Agar bo‘lim bo‘lmasa, unda o‘sha lavozimlar ham kerak emas», — deya izoh bergan Davlat kotibi Marko Rubio.
AQSh Senatining Tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitasidagi demokratlar esa bu qarorni keskin tanqid qildi. Uni «milliy xavfsizlikka tahdid» deb baholadi.
«Ilon Maskning DOGE tashabbusi kabi omadsiz harakatlardan qolgan meros sifatida bunday ommaviy va tasodifiy qisqartirishlar amerikaliklar uchun samarali davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini zaiflashtiradi», — deyiladi bayonotda.
Bu ishdan bo‘shatishlar AQSh Oliy sudi Tramp ma’muriyatining federal ishchi kuchi hajmini qisqartirish rejasiga ruxsat berganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil boshida Davlat departamenti Kongressga yuborgan maktubda 18% ishchi kuchi qisqartirilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda departamentda 18 700 dan ortiq AQShlik xodim ishlagan.
Shuningdek, iyul oyi boshida USAID – AQSh xalqaro rivojlanish agentligi ham rasman yopildi.