Fan

Chilida Qozog‘istonga tegishli eng yirik teleskop ishga tushdi

13-iyul 2025 18:05 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: informburo.kz.

Chilining Atakama cho‘lida joylashgan xalqaro ObsTech observatoriyasida Qozog‘istonning eng yirik teleskopi ishga tushirildi. Bu haqda Astana times nashri xabar berdi.

Loyiha V.G. Fesenkov nomidagi Astrofizika instituti tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uni ishga tushirishga 7 yil vaqt sarflandi. Teleskop xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida Chilining Santyago universiteti bilan birgalikda amalga oshirilgan.

Yangi teleskopning asosiy afzalliklaridan biri — janubiy yarim sharning yulduzli osmonini kuzatish imkoniyatidir. Bu obyektlar Qozog‘istondan ko‘rinmaydi, chunki ular doimiy gorizont ostida joylashgan. Teleskop 1 metrli asosiy oyna bilan jihozlangan bo‘lib, bu uni Atakamadagi eng yirik ilmiy asbobga aylantiradi.

ObsTech observatoriyasi vakili Ivan Ossandonning aytishicha, markazda 140 ga yaqin teleskop mavjud bo‘lib, ulardan ko‘pchiligi AQShlik mijozlarga tegishli.

«Yangi qozog‘istonlik teleskop nafaqat eng katta, balki eng ilg‘or ilmiy imkoniyatlarga ega. Uni talabalar ham amaliy mashg‘ulotlarda qo‘llashi mumkin», — dedi Ossandon.

Mazkur loyiha Nazarboyev universiteti va Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti talabalari uchun real ilmiy tajriba maydoniga aylanmoqda.

Ma’lumot uchun, Atakama cho‘li – dunyodagi eng qulay astronomik hududlardan biri. Minimal yog‘ingarchilik, juda kam havo namligi va yorug‘lik ifloslanishining deyarli yo‘qligi uni astronomlar uchun ideal joyga aylantirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX orbitaga to‘rt tonnalik «kosmik smartfon» uchirgani haqida yozgandi.

Shuningdek