
Amerikaning FusionFlight kompaniyasi o‘zining reaktiv droni AB6 JetQuad asosida yaratilgan yangi avlod shaxsiy uchish qurilmasi – Axionni taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.
Bu dunyodagi birinchi dizelda ishlaydigan poyga uchun mo‘ljallangan uchuvchi apparat bo‘lib, vertikal ko‘tarilish va qo‘nishga (VTOL) qodir.

FusionFlight 2019-yilda AB5 JetQuadni, keyinroq esa uning takomillashgan versiyasi AB6ni yaratgandi. Ular elektr motorlar o‘rniga mikroturbinli reaktiv dvigatellardan foydalanadi. Bu dvigatellar dizel, kerosin yoki aviatsiya yonilg‘isida ishlaydi. AB6 modeli 402 km/soatgacha tezlikda uchishi va 19 litrli bak bilan 15 daqiqa havoda qolishi mumkin.
Reaktiv tizimlar sovuq sharoitlarda ham barqaror ishlashi va muzlash holatlarida ham uchishga yaroqliligi bilan ajralib turadi.
Axion – bu o‘lchami kichik avtomobilga teng bo‘lgan shaxsiy uchuvchidir. Uning maksimal uchish vazni 230 kgni tashkil qiladi. Shundan:
- Qurilmaning «quruq» og‘irligi – 70 kg,
- Yonilg‘i – 80 kg,
- Foydalanuvchi (yoki yuk) – 80 kg.
Ushbu apparat 8 ta reaktiv dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, ular 1097 Ngacha tortish kuchini hosil qiladi. Bu Axion’ga havoda turib qolish, vertikal ko‘tarilish va qo‘nish, shuningdek, gorizontal holatda 362 km/soat tezlikda harakatlanish imkonini beradi.

Hatto bitta dvigatel ishdan chiqsa ham, qolganlari yordamida xavfsiz qo‘nish amalga oshiriladi. Uchish balandligi 10 kilometrgacha, uchish vaqti 15 daqiqa (maksimal tezlikda).
Axion’ni boshqarish ikki usulda amalga oshiriladi:
- Qo‘lda boshqaruv – ikki joystick orqali;
- Avtonom rejim – sensorli ekran orqali manzil tanlanadi va qurilma mustaqil harakatlanadi.

Avtonom rejimda Axion favqulodda holatlarda yuk yoki bemorlarni tez yetkazish uchun ham qo‘llanishi mumkin.

FusionFlight asoschisi va bosh direktori Aleks Taytsning so‘zlariga ko‘ra, Axion’ning yer sinovlari boshlangan, ilk uchish sinovlari esa yil oxiriga rejalashtirilgan. Qurilma buyurtma asosida ishlab chiqariladi. Narxi $290 mingdan boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA va Yaponiya «sokin» parvozga moʻljallangan X-59 samolyotini sinovdan oʻtkazgani haqida yozgandi.