
Parijda Fransiya hukumati va Yangi Kaledoniya siyosiy kuchlari o‘rtasida yangi davlat tuzilishini nazarda tutuvchi kelishuv imzolandi. Bu haqda Politico nashri muzokaralarda ishtirok etgan manbalarga tayanib xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuv Fransiyaning Bujival shahrida, Parij yaqinida imzolangan. Kelishuv Yangi Kaledoniyaga to‘liq mustaqillik emas, balki kengaytirilgan avtonomiya maqomini taqdim etadi. Yangi davlat o‘zining alohida fuqaroligiga ega bo‘ladi, bu esa ikki fuqarolikka – fransuz va yangi kaledoniyalik fuqarolikni birgalikda yuritishga imkon beradi.
Bundan tashqari, unga xalqaro siyosat yuritishda mustaqil qarorlar qabul qilish huquqi berilishi ham ko‘zda tutilgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ushbu hujjatni Fransiyaning zamondosh tarixidagi «institutsional jihatdan muhim kelishuv» deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar 10 kun davom etgan va barcha tomonlar murosaga kelgan. Fransiya bosh vaziri Fransua Bayru ham ushbu bitimni ijobiy qarshi olib, u Konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishini ta’kidladi.
Biroq hujjat kuchga kirishi uchun avval Fransiya parlamenti uni tasdiqlashi lozim. Shundan so‘ng Yangi Kaledoniyada referendum o‘tkaziladi. Ayni paytda hamon ayrim siyosiy guruhlar to‘liq mustaqillik tarafdori bo‘lib qolmoqda. Biroq hozirgi kelishuv ular va avtonomiya tarafdorlari o‘rtasidagi murosaning natijasi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Yangi Kaledoniya 1853-yildan beri Fransiya nazorati ostida bo‘lib kelgan. 1957-yilda mahalliy aholiga fransuz fuqaroligi berilgan. 2018 – 2021-yillar oralig‘ida hududda uch marta mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazilgan bo‘lib, ularning barchasida ko‘pchilik Fransiya tarkibida qolishni tanlagan. So‘nggi referendumda esa ko‘plab mahalliy kanak aholisi ovoz berishni boykot qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiya Ilon Maskning X ijtimoiy tarmogʻi ustidan tergov boshlagani haqida yozgandi.