G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralari to‘xtab qoldi: yordam olishga uringan 17 kishi o‘ldirildi

G‘azoda otashkesim bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda. Yordam olishga uringan 17 kishi o‘ldirildi.
Muzokaralarda qatnashayotgan Isroil va Falastin manbalariga ko‘ra, tomonlar Isroil armiyasining G‘azodan qay darajada chiqib ketishi masalasida kelisha olmagan.
AQSh taklif qilgan 60 kunlik sulh bo‘yicha Doha shahrida muzokaralar bir haftadan beri davom etmoqda. Donald Tramp bu reja bo‘yicha yaqin kunlarda muzokarada siljish bo‘lishiga umid bildirdi.
Ammo G‘azoda ahvol og‘ir. Shanba kuni Isroil askarlari yordam olish uchun to‘plangan odamlarga qarata o‘q uzdi. Bu so‘nggi olti hafta ichida AQSh qo‘llovidagi yordam taqsimoti atrofida sodir bo‘lgan navbatdagi otishmadir. BMT ma’lumotiga ko‘ra, shu kabi hodisalarda 800 kishi halok bo‘lgan.
Qatarda Isroil va HAMAS vakillari asirlarni bosqichma-bosqich ozod qilish, Isroil qo‘shinlarini chiqarish va urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.

Isroil rasmiylari muzokaralardagi to‘xtalib qolishda HAMASni aybladi. Ularning aytishicha, HAMAS hozirgi talablaridan voz kechmayapti. HAMAS esa, aksincha, Isroilni ayblab kelmoqda.
Falastinlik manbalarga ko‘ra, HAMAS Isroil taklif qilgan xaritalarni rad etgan. Ushbu xaritalar Isroil kuchlarining G‘azoning 40 foiz qismida, jumladan Rafah va boshqa hududlarda qolishini nazarda tutgan.
HAMAS Isroildan oldingi sulh chizig‘iga qaytishni talab qilmoqda. Unga ko‘ra, urush to‘xtatilmas ekan, asirlar ozod etilmaydi. Isroil esa avvalo asirlar ozod etilishi va HAMAS yo‘q qilinishi kerak, degan pozitsiyada qolmoqda.
Falastin tomoni yordam masalasi va urushni yakunlash bo‘yicha kafolatlar ham hal etilmagan muammo bo‘lib qolayotganini aytdi. Ularning fikricha, AQSh tomoni ko‘proq aralashsa, muzokaralarda siljish bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Isroil va HAMAS sulhga rozi bo‘lgani haqida yozgan edi.