
Amerikaning Lucid Motors kompaniyasining Lucid Air elektromobili bir zaryad bilan 1205 kilometr yo‘l bosib o‘tdi. Bu natija Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Rekord Shveysariyaning Sen-Morits shaharchasidan boshlanib, Germaniyaning Myunxen shahrigacha bo‘lganYevropa avtoprobegi chog‘ida qayd etildi. Yo‘l marshruti murakkab tog‘li serpantinlardan, to‘g‘ri va tezkor harakat uchun mo‘ljallangan avtobanlargacha bo‘lgan turli yo‘l turlarini qamrab oldi.

Bu esa testni real hayotga maksimal darajada yaqinlashtirdi va mashinaning barcha sharoitlardagi samaradorligini sinovdan o‘tkazdi.
Lucid Air Grand Touring modeli ishlab chiqaruvchining texnik hujjatlarida bir zaryad bilan 960 kilometr bosib o‘tishi ko‘rsatilgan. Biroq ushbu real sinovda mashina rasmiy ko‘rsatkichdan 245 kilometr uzoqroq masofani bosib o‘tdi.
Model kuchli 831 ot kuchiga ega bo‘lgan elektromotor bilan jihozlangan. Batareyasi 110 kVt/soatdan ortiq quvvatni saqlashga qodir. Ushbu modelning Yevropadagi boshlang‘ich narxi 132 900 yevroni tashkil qiladi.

Kompaniya budjetga yaqinroq Pure AWD (422 ot kuchi, 747 km zaxira masofa) hamda yuqori darajadagi Sapphire modelini ham taklif qiladi. Sapphire 1205 ot kuchiga ega bo‘lib, 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 2 soniyada chiqadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil 3-may kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Kopakabana plyajida Ledi Gaganing bepul konserti tarixdagi eng yirik yakka chiqish sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgani haqida yozgandi.