Gadjetlar

Samsung S26 seriyasi Plus modelisiz chiqishi mumkin

Seriyada Galaxy S26, S26 Edge va S26 Ultra modellari mavjud
Samsung S26 seriyasi
Samsung S26 seriyasi Plus modelisiz chiqishi mumkin / Foto: Hi-tech mail

GSMA IMEI bazasida Samsung‘ning yangi flagman modellari paydo bo‘ldi. Bu qurilmalar ustida ish olib borilayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.

Bazaga ko‘ra, seriyada Galaxy S26, S26 Edge va S26 Ultra modellari mavjud.

S26 Ultra AQSh uchun SM-S948U, Koreya uchun SM-S948N raqamlari bilan qayd etilgan. Galaxy S26 Edge modeli esa SM-S947U nomi bilan ro‘yxatga olingan. Oddiy Galaxy S26 ikki versiyada bo‘ladi: SM-S942B (xalqaro) va SM-S942U (AQSh bozori uchun).

E’tiborli jihat – bu safar raqamlar yakunida «1» emas, «2» bilan tugagan. Shuningdek, avvalgidek S26 Ultra raqami «8» bilan tugaydi. Eng qiziq tomoni bu safar Galaxy S26 Plus modeli umuman qayd etilmagan.

Avvalroq Samsung Edge modelini Plus o‘rniga chiqarishi mumkinligi aytilgan edi.

Hozircha IMEI bazasidagi ma’lumotlar shu taxminni tasdiqlamoqda. Galaxy S Plus modeli har doim eng kam sotilgan flagman bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S25 Edge’ga nisbatan uzoqroq ishlovchi arzon smartfon taqdim etilgani haqida yozgan edi.