Yangiliklar

SpaceX Grok chat-boti ishlab chiquvchisiga 2 milliard dollar sarmoya kiritadi

Bu investitsiya xAI tomonidan jalb qilinmoqda
SpaceX Grok chat-boti ishlab chiquvchisiga 2 milliard dollar sarmoya kiritadi. Foto: Britanica

Ilon Mask boshchiligidagi SpaceX kompaniyasi uning o‘ziga tegishli bo‘lgan xAI kompaniyasiga Grok chat-boti $2 milliardlik sarmoya kiritmoqda. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.

xAI kompaniyasi mashhur Grok sun’iy intellekt chat-botini ishlab chiqmoqda. Bu investitsiya xAI tomonidan jalb qilinayotgan jami $5 milliardlik aktsion kapital dasturining bir qismidir.

Chat-boti ayni vaqtda SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlari foydalanuvchilariga mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatini taqdim etmoqda. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, kelajakda SpaceX va xAI o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayishi mumkin.

Biroq ushbu yirik moliyaviy qaror SpaceX uchun xavf tug‘dirishi ham mumkin. So‘nggi yillarda kompaniya daromadlari oshganiga qaramay, u milliardlab dollarlarni Starship raketasini ishlab chiqishga yo‘naltirgan, bu loyiha esa bir necha muvaffaqiyatsiz uchishlarni boshdan kechirdi.

Shuningdek, Ilon Mask yaqinda Grok chat-botining to‘rtinchi avlodini ommaga taqdim etdi. Unga ko‘ra, chat-bot deyarli barcha fanlar bo‘yicha aksariyat aspirantlardan aqlliroq. Shu bilan birga, ilgari chiqarilgan versiyada ayrim nomaqbul, haqoratli va antisemitik ifodalar aniqlanib, ularni X ijtimoiy tarmog‘idan olib tashlashga to‘g‘ri kelgan.

Grok ba’zi nozik savollarga javob izlaganda Ilon Maskning shaxsiy postlariga tayangan. Bu esa mutaxassislar orasida Grokning maqsadi haqiqatni izlashmi yoki shunchaki Maskning fikrlariga rozi bo‘lishmi degan savollarni yuzaga keltirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Grok chat-boti Tesla avtomobillarida kelasi haftadan ishga tushishi haqida yozgandi.