SpaceX orbitaga to‘rt tonnalik «kosmik smartfon» uchirdi

SpaceX kompaniyasi 13-iyul kuni tongda Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi SLC-40 maydonchasidan Falcon 9 raketasini muvaffaqiyatli uchirdi.
Mahalliy vaqt bilan soat 01:04 da (Toshkent vaqti bilan 10:04) amalga oshirilgan parvoz Commercial GTO-1 missiyasi doirasida bo‘lgan. Raketa noma’lum foydalanuvchiga tegishli foydali yukni orbitaga olib chiqdi.
SpaceX yuk haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Ammo NextSpaceflight manbasiga ko‘ra, Falcon 9 raketasi orbitaga Isroilning Israel Aerospace Industries (IAI) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Dror-1 nomli aloqa sun’iy yo‘ldoshini olib chiqqan.
Ushbu to‘rt tonnalik qurilma ilg‘or raqamli aloqa tizimlari bilan jihozlangan. U «kosmik smartfon» funksiyalariga ega ekanligi aytilmoqda. Qurilma 15 yilgacha xizmat qilishi rejalashtirilgan va Isroilning kelajakdagi aloqa ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, bu parvozda foydalanilgan Falcon 9 raketasining birinchi bosqichi — B1083 — bu safar 13-marta parvoz qilgan. Mssiya yakunlangach Atlantika okeanidagi JRTI (Just Read The Instructions) platformasiga muvaffaqiyatli qo‘ndi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX Grok chat-boti ishlab chiquvchisiga 2 milliard dollar sarmoya kiritishi haqida yozgandi.
xAI kompaniyasi mashhur Grok sun’iy intellekt chat-botini ishlab chiqmoqda. Bu investitsiya xAI tomonidan jalb qilinayotgan jami $5 milliardlik aktsion kapital dasturining bir qismidir.
Chat-boti ayni vaqtda SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlari foydalanuvchilariga mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatini taqdim etmoqda. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, kelajakda SpaceX va xAI o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayishi mumkin.