Yangiliklar

Toshkentda ikki oyda bolalar cho‘kishi bilan bog‘liq 7 ta holat qayd etildi

suv
Bir nafari vafot etdi
Foto: Pexels.com

Toshkent shahrida 7 nafar voyaga yetmagan bolaning hovuzda cho‘kishi bilan bog‘liq holatlar yuz berdi. Ulardan biri halok bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda 2 nafar bola vafot etgani aytilgan bo‘lsa-da, rasmiy organlar bu borada aniqlik kiritdi. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu hodisalar bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joriy yilning 12-mayidan 10-iyulgacha bo‘lgan davrda Toshkent shahrining turli hududlaridan 7 nafar voyaga yetmagan bolaning cho‘kishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan.

Shu bolalardan:

  • 4 nafari davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan,
  • 2 nafari hozirda shifoxonada davolanmoqda, ulardan biri og‘ir ahvolda.

Yana bir bola esa qarovsiz qolganligi oqibatida uydagi basseynga tushib ketib, vafot etgan. Bola shifoxonaga yetkazilgan vaqtida unda biologik o‘lim qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Texasdagi toshqinlarda halok bo‘lganlar soni 43 nafarga yetgani haqida yozgandi.