Andijon va Toshkent viloyatlarida bir qator mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi

eʼlon qilindi
Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
Andijon va Toshkent viloyatlarida bir qator mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi / Foto: Total

O‘zbekistonning bir necha hududida mansabdor shaxslarning yer ajratish, imtiyozli ruxsatlar va pensiyaga chiqarish evaziga pora olayotgan holatlari fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Andijon viloyatining Xonobod shahrida hokim o‘rinbosari va ilgari sudlangan MChJ rahbari til biriktirib, tadbirkorga ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish uchun 4 gektar yer ajratib berish evaziga $20 ming olayotganida ushlandi.

Shuningdek, Andijon tumanining sobiq hokim o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va yana ikki shaxs «Ipak yo‘li» erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yer ajratish evaziga tadbirkordan $600 ming talab qilib, $150 ming olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Mazkur jinoyatga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining viloyat boshqarmasi sobiq o‘rinbosari ham aloqador bo‘lgan. U avvalroq ushbu masala yuzasidan $11 ming olgani aniqlangan.

Toshkent viloyatida esa Pensiya jamg‘armasining Ohangaron tumani bo‘limi boshlig‘i fuqaroni pensiyaga chiqarib berish evaziga $1,5 ming olayotganida ushlandi. Mazkur shaxs ilgari Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan sudlangan bo‘lsa-da, xulosa chiqarmagani ayon bo‘ldi.

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olingan edi.

Shuningdek