
Apple o‘zining bir nechta Mac kompyuterlari, iPhone va iPad modellarini rasman «vintaj» qurilmalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu haqda MacRumors nashri kompaniya ma’lumotlariga tayanib, xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2013-yilda chiqarilgan Mac Pro endi «vintaj» mahsulot deb e’lon qilindi. Kompakt shakli bilan innovatsion hisoblangan ushbu kompyuter 2019-yilgacha sotuvda bo‘lgan, biroq ichki qismlarini yangilash imkoniyati bo‘lmagani uchun professional foydalanuvchilarning ehtiyojini to‘liq qondirmagan.
Mac Pro 2013 modeli bilan bir qatorda quyidagi qurilmalar ham «vintaj» maqomini oldi:
- 2019-yilgi MacBook Air;
- 13 dyuymli MacBook Air 2019;
- iMac 2019;
- 11 dyuymli iPad Pro 2018;
- 12,9 dyuymli 3-avlod iPad Pro 2018;
- iPhone 8 128 GB, bu model ilgari ro‘yxatga kiritilgan 64 GB va 256 GB versiyalariga;
- qo‘shildi. iPhone 8 128 GB ancha uzoq vaqt sotuvda bo‘lgan.
Shuningdek, ayrim qurilmalar «vintaj» toifasidan «eskirgan» toifaga o‘tkazildi. Ular orasida quyidagilar bor:
- AirPort Express (2-avlod);
- AirPort Time Capsule;
- AirPort Extreme (802.11ac);
Ma’lumot uchun, Apple qurilmani agar u so‘nggi marta 5–7 yil avval sotilgan bo‘lsa «vintaj» deb e’tirof etadi. Bunday qurilmalar, agar ehtiyot qismlar mavjud bo‘lsa, rasmiy servis markazlarida ta’mirlanishi mumkin.
Aks holda, ular servis xizmatiga yaroqsiz hisoblanadi. Ikki yildan so‘ng esa bu qurilmalar «eskirgan» ro‘yxatga o‘tadi — ya’ni, ular rasmiy xizmat ko‘rsatishdan chiqariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung va Apple nega katta sig‘imli batareyada chiqmasligi haqida yozgandi.