
10-iyul kuni ertalab soat 5:30 da Toshkent aeroportiga yangi Airbus A330-300 samolyoti kelib qo‘ndi. Bu Centrum Air parkidagi ushbu turdagi ikkinchi keng fyuzelyajli layner hamda kompaniya aviaparkidagi o‘ninchi havo kemasi bo‘ldi.
Kursiv Uzbekistan muxbiri Toshkent aeroportida yangi havo kemasini kutib oldi. Layner haqida batafsil ma’lumot olib, uchuvchi bilan suhbatlashdi.

Centrum Air asoschisi va boshqaruv raisi Abdulaziz Abdurahmonovning aytishicha, ikkinchi keng fyuzelyajli A330-300 samolyotining kelishi kompaniya uchun muhim qadamdir.
«Bu shunchaki flotni to‘ldirish emas, balki uzoq masofali yo‘nalishlarni rivojlantirish yo‘lidagi strategik qadamdir», — deydi kompaniya rahbari.
«Gap yo’q!» – 22 yillik tajribaga ega uchuvchi yangi Airbus A330-300 haqida

Yangi Airbus A330-300 saloni bir qarashda hayratlanarli. Mukammal tartibda qo‘yilgan 347 ta o‘rindiq hozircha bo‘sh, ammo allaqachon kenglik va qudrat hissini bermoqda.

Xayolda to‘la salon, yuzlab yo‘lovchilar, uchayotgan laynerning guvillashi manzarasi gavdalanadi. Hozircha esa – sukunat, kenglik va ushbu aviateatr fonidagi kichkina uchuvchilar kabinasi bor.
Bortda – reys komandiri Vladimir Shabrin, Centrum Air uchuvchisi. U Portugaliyaning Beja shahridan yangi keng fyuzelyajli laynerda yetti soatlik parvozdan so‘ng kelgan. Shabrin 44 yoshda. U Airbus A320 uchuvchi-instruktori va A330 komandiri.

Kabinadan chiqqach, Vladimir jilmayadi va yengil istehzo bilan o‘z shaxsiyatiga bo‘lgan e’tiborni hazilga oladi. Yangi samolyotdan olgan taassurotlari haqidagi savolga qisqacha javob beradi:
«Gap yo‘q!».
Shubhasiz — layner unga haqiqatan ham ma’qul bo‘ldi. Shabrinning 22 yillik parvoz tajribasi bor. Uning fikri gap qulaylik haqida ketayotgan bo‘lsa — nafaqat ekipaj, balki yo‘lovchilar uchun ham ishonchli sanaladi.
«A330 qulayroq, chunki u o‘zining kattaligi bilan ajralib turadi: ko‘proq joy mavjud, havo almashinuvi yaxshiroq, parvoz masofasi esa uzunroq. Parvoz paytidagi hissiyotlar butunlay boshqacha. Men ham A330, ham A320’da parvoz qilaman, shuning uchun farqni yaxshi bilaman», — deydi uchuvchi.
Airbus A330-300: qulaylik va yangi yo‘nalishlar

A330-300 samolyoti takomillashtirilgan tebranish va shovqin izolyatsiyasi tizimi bilan jihozlangan. Uning dvigatellari avvalgi modellarga nisbatan ancha past shovqin darajasiga ega bo‘lib, bu parvozni yanada tinch va yoqimli qiladi.
Yaqin vaqt ichida samolyot bortida interaktiv multimedia tizimi ishga tushiriladi. Bu xizmat nafaqat A330, balki aviakompaniyaning barcha samolyotlarida mavjud bo‘lishi rejalashtirilgan.
Centrum Air kompaniyasi rahbari Abdulaziz Abdurahmonovning ta’kidlashicha, kompaniya xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Uning asosiy maqsadi — yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirish va O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit aviatsiya markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashdir.

U hamkorlarga va jamoaga birgalikdagi samarali ish uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, yangi samolyotga bo‘lgan ishonchini ifoda etdi. Endilikda yo‘lovchilar uchun ko‘proq yo‘nalishlar va qulay sayohat imkoniyatlari ochiladi.
Hozirda Airbus A330-300 samolyoti Guanchjou, Bangkok va Seul shaharlariga parvozlarni amalga oshirmoqda. Tez orada u Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropaning uzoq masofali yo‘nalishlarida ham qatnay boshlaydi. Centrum Air ushbu yo‘nalishlarni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Centrum Air parkiga yangi Airbus A320neo samolyoti olib kelingani haqida xabar bergan edi.