
2025-yil iyul oyining birinchi haftasida O‘zbekistonda qovunning ulgurji narxi uch baravar tushib ketdi. Bu haqda East Fruit xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bunday keskin tushishga Mirzacho‘l mintaqasida va qo‘shni Qozog‘istonda qovun yig‘im-terimining ommaviy boshlanishi sabab bo‘lgan. EastFruit mutaxassislarining qayd etishicha, ushbu oy Qozog‘istonda qovun narxlari past darajada boshlandi.
Bu mavsumda dastlabki yirik partiya qovunlar iyun oyi boshida poytaxtdagi ulgurji bozorga yetib keldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan bir hafta erta bo‘ldi. Dastlab ulgurji narxlar 6 000 so‘m/kg ($0.47) atrofida bo‘lgan.
O‘tgan yili katta partiyalar kelishi bilan narxlar tezda tushib ketgan va uch hafta ichida to‘rt baravar arzonlashgan edi. Ammo bu yil iyun oxirigacha narxlar barqaror saqlanib qoldi. Hatto iyunning ikkinchi yarmida qovun narxi o‘tgan yilgidan 2-3 baravar yuqori bo‘lgan.
Biroq iyul boshida vaziyat keskin o‘zgardi – narxlar 2 000 so‘m/kg ($0.16) gacha tushib ketdi.
Qozog‘istonda qovun mavsumi past narxlarda boshlanishi hosilning yaxshi chiqqani va sifat bilan bog‘liq muammolar yo‘qligini ko‘rsatadi.
Narxlarning keskin tushishiga qaramasdan O‘zbekiston ichki bozorida yuqori sifatli qovun yetkazib berish hanuz cheklanganligicha qolmoqda. Bunga yer maydonlari kamaygani va qovun yetishtirish bo‘yicha an’anaviy hududlarda sifatli mahsulot ulushining pastligi sabab bo‘lmoqda.
EastFruit tahlilchilarining fikricha, cheklangan taklif va yoz hamda kuz oylarida kuchli ichki talab tufayli yaqin haftalarda ichki bozor narxlari barqarorlashishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonning mashhur qovun navlari Shvetsiya bozoriga kirib borayotgani haqida yozgandik.