O‘zbekistonda urug‘chilik reyestri yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev urug‘larning sifatini baholash ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha farmon imzoladi.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini baholashda QR-kodlardan foydalanilgan holda markirovka asosida yangi yondashuv joriy etiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi ushbu sohada yagona vakolatli organ sifatida belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlarni qamrab oladigan urug‘chilikning maxsus reyestri tuzilishi rejalashtirilmoqda.
2026-yil 1-yanvardan boshlab import qilinadigan qishloq xo‘jaligi urug‘lari Bojxona qo‘mitasi tomonidan berilgan QR-kodli markirovkaga va ekishga yaroqliligi bo‘yicha ijobiy xulosaga ega bo‘lishi lozim. Ushbu talablarga rioya qilinmagan holda urug‘larni erkin muomalaga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Markirovkasiz va ekishga yaroqlilik bo‘yicha ijobiy xulosasiz urug‘lar bilan savdo qiluvchi tadbirkorlarga ma’muriy jarimalar belgilanadi. Jarima miqdori 150 baravar bazaviy hisoblash miqdorigacha (56,25 mln so‘m, 1-avgustdan – 61,8 mln so‘m) qo‘llanadi.
Avvalroq BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga texnik yordam ko‘rsatishi haqida yozgandik.