O‘zbekistonda yengil avtomobillar soni 4 milliondan oshdi

14-iyul 2025 15:00 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
O‘zbekistonda yengil avtomobillar soni 4 milliondan oshdi. Foto: Olke.az

Shu yilning 1-apreliga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli 4 million 522,1 mingta avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan. Avtotransport vositalarining asosiy qismini (93 foizini) yengil avtomobillar tashkil etmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ushbu ko‘rsatkich yil boshidan buyon 79,8 mingga ortgan. Yengil avtomobillarning umumiy soni 4,2 milliondan oshgan bo‘lib, bu jami avtotransport vositalarining 93 foizini tashkil qiladi.

Yuk avtomobillari, mikroavtobuslar, avtobuslar va maxsus transport vositalari esa qolgan qismini tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, 2024-yilning yanvar-iyun oylarida 161,4 ming dona yangi yengil avtomobil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yangi avtomobillarning katta qismi — 86,2 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Ularning soni 139,1 ming donani tashkil qilgan. Qolgan 13,8 foiz yoki 22,3 ming dona avtomobil xorijda ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, shu yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari hajmi 10,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Unga mototsikllarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar ham kiradi.

Eng katta talab Toshkent shahrida kuzatilib, bu yerda ta’mirlash xizmatlari hajmi 3,63 trillion so‘mga yetgan. Undan keyingi o‘rinlarda Jizzax (895 mlrd so‘m), Farg‘ona (771,8 mlrd), Samarqand (779,7 mlrd) va Namangan (679,2 mlrd) viloyatlari joy olgan.

Shu bilan birga, Qashqadaryo, Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyatlarida ham avtotexnik xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgan. Ayni vaqtda Sirdaryo viloyati eng kam xizmat hajmini qayd etgan — atigi 67 milliard so‘m.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida Cobalt 150 dollarga qimmatlashgani, elektromobillar narxi tushgani haqida yozgandi.

Shuningdek