
Avstraliyalik olimlar doimiy ravishda festival, yarmarka yoki boshqa ommaviy tadbirlarda qatnashish insonning ruhiy holatini yaxshilashini aniqladi. Bu haqda Janubiy Avstraliya universiteti hamda Flinders universiteti tadqiqotchilari International Journal of Tourism Research jurnalida chop etilgan izlanishlarida ma’lum qilishdi.
Tadqiqot davomida 350 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Natijada yuzma-yuz tadbirlarda tez-tez qatnashadigan insonlar o‘zini ko‘proq baxtli, ilhomlangan va hayotdan mamnun his qilishi aniqlandi. Bunday tadbirlar insonni «oqim» holatiga olib kiradi, ya’ni u vaqt va tashqi omillarni unutib, butunlay jarayonga sho‘ng‘iydi.
Onlayn tadbirlar ham muayyan darajada foydali ekani aytildi, ammo ular jonli tadbirlardek kuchli emotsional ta’sir ko‘rsatmaydi. Olimlarning fikricha, aynan tirik muloqot, umumiy muhit va jamoaviy ishtirok ruhiy holatni ko‘taradi, odamlar orasidagi bog‘liqlikni kuchaytiradi va hayot sifatini oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bolani haddan ziyod erkalash qanday oqibatlarga olib kelishi haqida yozgandi.