
QazaqGaz kompaniyasi Qozog‘iston orqali o‘tuvchi Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmi oshganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Sanjar Jarkeshov prezident Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashuvda ta’kidladi.
Jarkeshovning aytishicha, Beyneu – Bozoy – Chimkent magistral gaz quvurining ikkinchi liniyasi qurilishi boshlangan. Shuningdek, Qashag‘on konida suyultirilgan neft gazini qayta yuklash va fraksiyalash zavodi qurilmoqda.
Qozog‘istonning gaz sohasida NVIDIA grafik chiplariga asoslangan zamonaviy superkompyuterlardan foydalanilmoqda. Ayni paytda mamlakatda gazlashtirish darajasi 62,4 foizga yetgan bo‘lib, so‘nggi uch yilda 1,7 milliondan ortiq fuqaro gaz tarmog‘iga ulangan.
Shuningdek, 2024-yil mart oyida Qozog‘iston ushbu yo‘nalishdagi gaz tranzitining hajmini 2026-yildan boshlab yiliga 11 milliard kub metrgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.
Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish ishlari 2023-yilda boshlangan. O‘sha paytda tranzit hajmi yiliga 3 milliard kub metr etib belgilangan edi.
Avvalroq «Kursiv» nashri 2024-yilda «Gazprom» O‘zbekistonga gaz eksportini to‘rt baravarga oshirgani haqida yozgandi.