Xavfsizlik

Rossiya harbiylari «Hamkorlik – 2025» mashg‘ulotlari uchun O‘zbekistonga keldi

Mashg‘ulotlar 15-iyuldan 21-iyulgacha davom etadi
Rossiya harbiylari «Hamkorlik – 2025» mashg‘ulotlari uchun O‘zbekistonga yetib keldi / Foto: O‘zA

Rossiyaning 201-harbiy bazasiga tegishli harbiy xizmatchilar «Hamkorlik – 2025» qo‘shma mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda TASS agentligi ma’lum qildi.

Mashg‘ulotlar Termiz poligonida o‘tkaziladi. 2004-yildan buyon Tojikistonda joylashgan 201-harbiy baza askarlari O‘zbekistondagi mashg‘ulotlarda qatnashish uchun 300 km masofani zirhli texnika va maxsus mashinalarda bosib o‘tishdi.

Rossiya Mudofaa vazirligining xabariga ko‘ra, «Hamkorlik – 2025» mashg‘ulotlari 15-iyuldan 21-iyulgacha davom etadi. Unda O‘zbekiston va Rossiya harbiylari kichik qurolli guruhlarni aniqlash va ularning pozitsiyalarini egallash bo‘yicha taktik mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/07/peregruppirovka_rossijskih_voennosluzhashhih_v_respubliku_uzbekistan-1.mp4
Video: Rossiya Mudofaa vazirligi

Global Firepower reytingining 2025-yilgi natijalariga ko‘ra, Rossiya armiyasi kuch jihatidan dunyoda 2-o‘rinda turadi. Mamlakatning harbiy xarajatlari $126 mlrdga baholangan. Rossiya qurolli kuchlarida 1,3 milliondan ortiq harbiy xizmatchi, zaxirada esa 2 million kishi mavjud.

Ma’lumot uchun, ushbu reytingda O‘zbekiston 58-o‘rinda qayd etilgan bo‘lib, harbiy budjeti $2,8 mlrdni tashkil etadi. Mamlakat armiyasida 48 ming nafar harbiy xizmatchi xizmat qiladi. O‘zbekiston qurolli kuchlarida Rossiya ishlab chiqargan texnikalar – Mi-35 vertolyotlari, BTR-82 zirhli texnikasi va «Tigr» zirhli mashinalari mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq armiyaga chaqiriluvchilarni tanlash tartibi belgilangan edi.