Yangiliklar

Rossiya migrantlarga davlat bojlarini oshirish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqadi

Patent berish, qayta rasmiylashtirish yoki ish ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish narxini 4 200 rublgacha (678,4 ming so‘m) oshirish taklifi ko‘rib chiqiladi
Rossiya migrantlarga davlat bojlarini oshirish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Foto: TASS

Rossiya Davlat dumasi shu hafta migrantlarga davlat bojlarini oshirish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Telegram kanalida ma’lum qildi.

«Bu hafta migrantlar uchun qo‘shimcha davlat bojlari joriy etiladigan qonun loyihalarini ko‘rib chiqishni boshlaymiz», — deb yozdi Volodin.

Rejalashtirilgan o‘zgarishlar doirasida migratsiya hisobi sohasida davlat bojlari miqdorini o‘zgartirish ko‘rib chiqiladi. Xususan, patent berish, qayta rasmiylashtirish yoki ish ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish narxini 4200 rublgacha (678 ming so‘m) oshirish taklifi ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, patent yoki ish ruxsatnomasining dublikatini olish 2100 rublni (339 ming so‘m) tashkil etadi.

Bundan tashqari, bir qator boshqa ma’muriy jarayonlar bo‘yicha ham boj stavkalari qayta ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Xususan, xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik yashash manzili bo‘yicha hisobga qo‘yish va doimiy yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun boj stavkalari o‘zgartiriladi.

Shuningdek, Rossiya hududida vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq to‘lovlar ham oshiriladi. Bundan tashqari, avtomobillar va boshqa turdagi transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ham yangi boj stavkalari belgilanishi rejalashtirilgan.

Volodinning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar migratsiya xizmatining ishini optimallashtirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.

«Bularning barchasi nafaqat budjetga tushumlarni oshirishga, balki migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirib, ularning haqiqiy yashash joylarini aniqlashga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida noqonuniy migratsiya darajasini kamaytirishga xizmat qiladi», — dedi Volodin.

Qonun loyihalari Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan tashabbus sifatida ishlab chiqilgan. Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, davlat bojlari oshirilishi inflyatsiya va o‘zgarib borayotgan iqtisodiy sharoitlarni hisobga olish, shuningdek, davlat xizmatlari narxini zamon talablariga moslashtirish zarurati bilan bog‘liq.

«Taklif etilayotgan boj stavkalari davlat organlarining hujjatlashtirish xizmatlarini ko‘rsatishda qilinadigan xarajatlarni adolatli asosda qoplash imkonini beradi. Yangi boj stavkalari iqtisodiyot tarmoqlariga qo‘shimcha yuk yaratmaydi. Adolatli stavkalar ma’muriy jarayonlarni optimallashtirishga ham yordam beradi: yig‘ilgan mablag‘lar raqamli xizmatlarni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish muddatlarini qisqartirishga yo‘naltiriladi», — deyiladi hukumat bayonotida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlar uchun imtihon tartibi o‘zgargani haqida yozgandi.