
2026-yil yanvar oyida taqdim etilishi kutilayotgan Samsung Galaxy S26 Ultra smartfonida kamera yangilanishi amalga oshirilishi mumkin. Bu haqda Fixed Focus Digital Weibo tarmog‘ida xabar berdi.
Manbaning aytishicha, Galaxy S26 Ultra 200 megapikselli yangi Sony CMOS sensoriga ega bo‘ladi. Sensor o‘lchami 1/1,1 dyuym bo‘lib, bu avvalgi ISOCELL HP2 (1/1,3 dyuym) sensordan kattaroqdir. ISOCELL HP2 sensori Galaxy S25 Ultra va undan oldingi ikki modelda ishlatilgan edi.
Yangi sensor yordamida surat sifati sezilarli yaxshilanadi: yorug‘likni ko‘proq ushlaydi, tasvirlar batafsilroq bo‘ladi va raqamli zum ancha tiniq ishlaydi.
Samsung’ning Sony sensorga o‘tishi – kompaniyaning strategik qarori bo‘lishi mumkin. U shu orqali Xiaomi va Vivo kabi Xitoy brendlari bilan raqobatni kuchaytirmoqchi. Bu brendlar allaqachon katta o‘lchamdagi sensorlardan foydalanmoqda. Biroq ayrim manbalar Sony bu sensorni 2026-yilgacha tayyor qila olmasligi mumkinligini aytmoqda. Shunda Samsung yana ISOCELL HP2 sensordan foydalanishda davom etadi va yangi sensor faqat Galaxy S27 Ultra’da paydo bo‘ladi.
Galaxy S26 Ultra’dagi boshqa kameralar esa faqat kichik o‘zgarishlar oladi. Masalan, 3 barobar optik zumga ega telefoto kamera 10 MP o‘rniga 12 MP bo‘lishi mumkin. 50 MP bo‘lgan ultra keng va periskop kameralar esa o‘z holicha qoladi.
Smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 2 protsessori bilan ishlaydi. Unda 16 GB operativ xotira bo‘ladi. Ekrani esa avvalgidek 6,9 dyuym bo‘lib, yanada ingichka romli bo‘lishi kutilmoqda.
Yakuniy texnik xususiyatlar rasmiy taqdimotga yaqin paytda aniq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Snapdragon 8 Elite Gen 2 chipi, 16 GB operativ xotira va kuchli sovitish tizimi bilan jihozlanishi haqida yozgan edi.