
Samsung va Apple kabi kompaniyalar 5000 mA·soat yoki undan kam sig‘imli akkumulyatorlardan foydalanmoqda. Bunga texnologik sabab emas, balki AQSh va Yevropadagi qonuniy cheklovlar sabab bo‘lmoqda. Bu haqda 4pda nashri xabar bermoqda.
AQShda amal qiluvchi 49 CFR 173.185 normasi bir dona batareya elementining maksimal quvvatini 20 Vt·soat bilan cheklaydi. Bu chegaradan oshsa, qurilma «xavfli yuk» sifatida tasniflanadi va yetkazib berish xarajatlari ortadi. Shunga o‘xshash cheklovlar Yevropada ham mavjud.
Shu sababli, Xiaomi kabi brendlar ichki bozorda kuchli batareyali model chiqarib, xalqaro versiyada esa uning sig‘imini kamaytiradi. Masalan, Xiaomi 15 Ultra Xitoyda 6000 mA·soat, Yevropada esa 5410 mA·soatli batareya bilan chiqariladi.
Ayrim kompaniyalar ikki bo‘lakli batareyalar o‘rnatib, bu cheklovlardan aylanib o‘tmoqda. Masalan, OnePlus 13 modeli umumiy 6000 mA·soatli ikki bo‘lakli akkumulyatorga ega. Biroq Samsung va boshqa g‘arbiy brendlar to‘liq qonunlarga amal qiladi.
Shu bois Samsung Galaxy S26 Ultra modelida ham 5000 mA·soat batareya saqlanib qolishi kutilmoqda.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, portlash yoki yonish holatlari ko‘proq yirik kompaniyalar qurilmalarida sodir bo‘lmoqda. Bu esa amaldagi cheklovlar eskirgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra qanday kamera bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi. SamsungGalaxy S26 Ultra 200 megapikselli yangi Sony CMOS sensoriga ega bo‘ladi.