Yangiliklar

Toshkent viloyatida «Zardeks» savdosi bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi

Fuqaro mazkur dorini mijozlarga sotgandan so‘ng narkosavdogarga $16 ming berishi kerak bo‘lgan
Toshkent viloyatida «Zardeks» savdosi bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi. Foto: depositphotos

Toshkent viloyatida «Zardeks» savdosi bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan fuqaroning Yangihayot tumanidagi ijaradagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv natijasida u kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgan 16 249 dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Xabarga ko‘ra, mazkur dori vositalari avval Telegram messenjeri orqali savdo qiluvchi shaxs tomonidan Sergeli tumanidagi yashirin joyga qoldirib ketilgan. 1992-yilda tug‘ilgan fuqaro ushbu dori vositalarini olib, mijozlarga sotgandan so‘ng narkosavdogarga $16 ming berishi kerak bo‘lgan.

«Zardeks» dori vositalari tarkibida «Pregabalin» moddasi mavjud bo‘lib, Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, ushbu modda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turkumiga kiradi.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Iqtisodiyot universiteti oʻqituvchisi $4 ming pora olayotganda ushlangani haqida yozgandi.