
Narxi $200 ming bo‘lgan hashamatli kabriolet taqdim etildi. Bu haqda 32cars nashri xabar berdi.
Gudvuddagi Tezlik festivalida Urban Automotive o‘zining ilk kabriolet modeli – Defender 90 Widetrack Soft-Top’ni namoyish etdi. Model asosi sifatida Land Rover Defender 90 Valiance tanlangan bo‘lib, u Heritage Customs tomonidan yumshoq tom (soft-top) bilan jihozlangan.
Avtomobil kengaytirilgan arkalari, karbon kapoti, to‘rtburchak kunduzgi chiroqlari va Yokohama shinalari o‘rnatilgan 23 dyuymli qora WX-2 R disklar bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, oynalarning karbon korpuslari, old kanardalar va dekorativ qistirmalar o‘rnatilgan.
Eng asosiy jihati, ichki qismi yorqin to‘q sariq rangda, Recaro o‘rindiqlari charm bilan qoplangan. Yarim avtomatik yumshoq tom salonni besh o‘rinli qilib ochib beradi. Widetrack to‘plamini yangi yoki ishlatilgan Defender 90 versiyalariga o‘rnatish mumkin.
Bunday kabrioletning narxi $200 minggacha yetadi. Loyiha, asosan, tashqi ko‘rinish va hashamatga qaratilgan bo‘lib, texnik xususiyatlari oshkor etilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia 2026-yilda XCeed modelini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida yozgandi. Bu qaror brendning elektromobillarga o‘tish strategiyasi doirasida qabul qilindi.