
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozorining 2025-yil birinchi yarmi bo‘yicha tahliliy hisobotini e’lon qildi. Hisobotda mavsumiy pasayishlarga qaramay, bozorda umumiy barqarorlik saqlanayotgani ta’kidlangan.
Iyun oyida yengil avtomobil savdosi may oyiga nisbatan 3 foizdan ko‘proqqa o‘sib, 80 ming dona avtomobil sotilgan. Biroq 2025-yilning birinchi yarmida jami 446 ming dona yengil avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foiz kamdir. Bu kamayish asosan ikkilamchi bozordagi savdo faolligining pasayishi bilan izohlanadi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 23,7 ming donaga yetib, o‘tgan oyga nisbatan 15,6 foizga oshgan. Umumiy birlamchi bozordagi savdo esa 10 foizga ko‘payib, 2,6 ming dona avtomobilga yetdi. Shu bilan birga, xorijiy yangi avtomobillar savdosi 12,6 foizga kamaygan.
Iyun oyida 52 mingdan ortiq foydalanilgan avtomobil sotilgan. Bu ko‘rsatkich may oyiga nisbatan faqat 0,4 foizga kam bo‘lsa-da, yil davomida 1,3 foiz o‘sishni ko‘rsatdi.

Iyun oyida elektromobil savdosi 5,1 ming donani tashkil etib, may oyiga nisbatan 1,7 foizga kamaygan. Biroq yil boshidan beri sotilgan elektromobillar soni 28,8 ming donaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 62,6 foiz o‘sishni ko‘rsatgan. Eng katta o‘sish Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston avtomobil bozori 20 foizga qisqardi, Cobalt savdosi 32 foizga o‘sgan edi.