
Turkiyaning «Başakşehir» klubi O‘zbekiston terma jamoasi va «SSKA» yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev uchun 7,5 mln yevro va bonuslar taklif qilishga tayyor. Bu haqda «Birinchi sport» Telegram-kanali manbalarga tayanib xabar berdi.
Bundan tashqari, turk klubi bu mablag‘ni bir martalik to‘lov bilan to‘lashni rejalashtirgan. «SSKA» Fayzullaevni atigi yarim mln yevroga sotib olgan edi. Futbolchining shartnomasi 2025-yilning yozida yakunlanadi.
O‘tgan mavsumda 21 yoshli hujumkor yarim himoyachi 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
«Başakşehir»ning bu taklifi «SSKA» uchun foydali bitim bo‘lishi mumkin, ayniqsa shartnomaning tez orada tugashi va futbolchining transfer qiymati bir necha barobar oshganini inobatga olsak. Muzokaralar davom etmoqda va Fayzullaevning transferi yaqin kunlarda amalga oshishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fayzullayev Rossiya Premer-ligasining eng qimmat futbolchilari ro‘yxatiga kirgan edi.