
Sobiq AQSh prezidenti Barak Obama Nyu-Jersidagi xususiy xayriya tadbirida Tramp boshchiligidagi hukumatdan norozi bo‘lib, demokratlarni bu holatga tomoshabin bo‘lib qolmaslikka chaqirdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
«Endi shikoyat emas, qadriyatlarni himoya qilish kerak. Jasorat ko‘rsatishning ayni vaqti», dedi u.
Obama Nyu-Jersi va Virjiniyada bo‘ladigan gubernatorlik saylovlarini Demokratik partiya uchun muhim bosqich deb atadi va partiyadoshlarini ushbu nomzodlarga faol ko‘mak berishga undadi. U Mikki Sherrill (Nyu-Jersi) va Abigayl Spanbergerni (Virjiniya) tajribali va amaliy yordamga tayyor nomzodlar sifatida e’tirof etdi.
Obama, shuningdek, partiya ichidagi qarama-qarshi fikrlar haqida gapirib, chap qanot va «farovonlik tashabbusi» tarafdorlari bir maqsad yo‘lida birlashishi kerakligini ta’kidladi. Uy-joy qurilishiga to‘sqinlik etadigan byurokratik to‘siqlarni tanqid qildi.
U Trampning qaytishi, respublikachilar ichida «chegaralar yo‘qligi» va so‘z erkinligiga tahdidlar haqida ogohlantirib, yuristlar va universitetlarni ham bunday bosimlarga qarshi chiqishga chaqirdi.
«Farzandlaringizga qanday dunyo qoldirmoqchisiz? O‘z qadriyatlaringizni himoya qilishda to‘siqlardan qo‘rqmang», deydi Obama demokratlarni safarbarlikka undab.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Rossiyani Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majbur qilish uchun yangi strategiyani e’lon qilgan edi.