Avto

Geely Galaxy A7 dilerlarga yetkazildi: sotuvlar tez orada boshlanadi

Yangi modelning sotuvlari keyingi oy boshlanishi kutilmoqda
Geely
Geely Galaxy A7 EM-i savdoga tayyor / Foto: Geely

Geely kompaniyasining matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Geely Galaxy A7 modelining ilk partiyasi Xitoy bo‘ylab dilerlarga yuborilgan. Endi xaridorlar avtomobil salonlariga borib, test-drayvda ishtirok etishlari mumkin.

Yangi modelning sotuvlari keyingi oyda boshlanishi kutilmoqda. Aniq sana yaqin kunlarda ma’lum qilinadi.

Galaxy A7 EM-i — Geely’ning eng so‘nggi texnologiyalarini o‘zida mujassam qilgan gibrid avtomobil. U 1,5 litrli benzin dvigateli (112 ot kuchi) va 238 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Mashina Thor AI Electric Hybrid 2.0 platformasi va Star Rui AI Cloud Power 2.0 bulutli arxitekturasi asosida yaratilgan.

Foto: Geely

CLTC uslubidagi test natijalariga ko‘ra, avtomobil 100 km masofaga atigi 2,67 litr yonilg‘i sarflaydi. To‘liq quvvatda avtomobilning umumiy yurish masofasi 2100 kilometrdan oshadi.

Mashina o‘lchamlari quyidagicha: uzunligi – 4918 mm, eni – 1905 mm, balandligi – 1495 mm. G‘ildirak bazasi esa 2845 mm bo‘lib, u D-segmentdagi to‘liq o‘lchamli sedan hisoblanadi.

Foto: Geely

Salon dizayni ergonomikaga asoslangan. Markaziy panelda yirik to‘g‘ri burchakli ekran o‘rnatilgan, rul esa ikki spitsali va ko‘p funksiyali. Jihozlar tarkibiga simsiz quvvatlash, mexanik boshqaruv tugmalari va buraluvchi tugmalar, shuningdek, panoramali tom oynasi kiradi. Orqa o‘rindiqlarda esa shamollatish, isitish va massaj funksiyalari mavjud.

Narxlar 103,8 ming yuandan ($14 ming) boshlanib, 133,8 ming yuangacha ($18 ming) yetadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Geely kompaniyasi yangi Galaxy A7 elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.