
General Motors (GM) kompaniyasi litiy-temir-fosfat (LTF) akkumulyatorlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Speedme nashri xabar berdi.
Ushbu ishlab chiqarish 2027-yildan boshlab Tennessi shtatidagi Spring-Xill shahrida joylashgan Ultium Cells zavodida amalga oshiriladi. Bu esa Chevrolet Bolt kabi yangi avloddagi arzon elektromobillar ishlab chiqarilishi uchun foydali bo‘ladi.
GM ushbu yangi texnologiya yordamida amaldagi nikel-kobalt-alyuminiy asosidagi batareyalarga nisbatan muhim darajadagi tejamkorlikka erishishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, kompaniya premium toifadagi modellarda yuqori narxdagi akkumulyatorlardan foydalanishni davom ettiradi.
GM’ning akkumulyatorlar va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi vitse-prezidenti ta’kidlashicha, LTF-platforma kompaniyaga yangi turdagi akkumulyatorlar ishlab chiqarishni keng ko‘lamda amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa parallel ravishda ishlab chiqilayotgan litiy-marganets (LMR) texnologiyasi uchun ham poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi akkumulyatorlar qaysi modellar uchun mo‘ljallangani hozircha oshkor etilmagan bo‘lsa-da, mutaxassislarning fikricha, ular ommaviy, budjet toifasidagi elektromobillarga tatbiq etilishi mumkin. GM ayni vaqtda Michigan shtatida Ancker-Johnson ilmiy markazini qurmoqda. Bu markaz LMR texnologiyasi bo‘yicha tadqiqot ishlarini belgilanganidan bir yil oldin yakunlashga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet avtomobillarining dizayni qanday yaratilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, General Motors avtomobillarini endi aqlli soatlar bilan boshqarish mumkinligi haqida yozgandi.
General Motors (GM) rasmiy ravishda Apple Watch qo‘llab-quvvatlashini myChevrolet, myCadillac, myBuick va myGMC mobil ilovalari uchun qayta tikladi.
Yangilanish allaqachon mavjud va endi aqlli soat egalari to‘g‘ridan to‘g‘ri bilagidan dvigatelni masofadan ishga tushirish, eshiklarni qulflash yoki ochish hamda signalni yoqish imkoniyatiga ega.