
Li i8 modelining ichki ko‘rinishini aks ettiruvchi rasmlar internetda tarqaldi. Suratlar salon dizaynini yanada to‘liq ochib berdi. Yangi elektromobil 29-iyul kuni rasman taqdim etilishi kutilmoqda.
Li Auto i8 – katta, olti o‘rinli oilaviy SUV bo‘lib, u kompaniyaning elektromobillar qatoridagi eng ilg‘or namunalardan biri bo‘ladi. Mashinada yangi avlod LiDAR tizimi, ikki motorli 4 g‘ildirakdan tortish tizimi va kuchli 5C litiy-ion akkumulyatorlari bo‘ladi. Eng asosiysi modelda Li Auto’ning aqlli boshqaruv tizimi MindVLA birinchi marta qo‘llaniladi.

Salonda esa kompaniyaga xos dizayn saqlab qolingan. Markaziy konsolda doira shaklidagi yangi yoritish chizig‘i, optimallashtirilgan shamollatish panjaralari va rulga o‘rnatilgan displey ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, old paneldagi asboblar o‘rnini proyeksion displey egallagan.
Orqa qatordagi ikkita alohida kreslo elektr bilan boshqariladi, har birida kichik stol va ekran mavjud. Eng orqa qatorga ham alohida ekran va shiftga o‘rnatilgan shamollatkichlar joylashtirilgan. Model 2+2+2 sxemadagi olti o‘rinli joylashuvga ega bo‘ladi.
Rasmiy suratlarda oq rangdagi rul va och rangli salon ajralib turadi. Haydovchi o‘rindig‘ining yon yostiqlari oldingilarga qaraganda uzunroq va qulayroq ishlangan.

Texnik jihatdan, old motor 150 kVt, orqa motor esa 250 kVt quvvatga ega. Umumiy quvvat 400 kVt (536 ot kuchi) bo‘ladi. Ikkita akkumulyator varianti taklif etiladi: 90 va 97 kVt/soat, ularning yurish zaxirasi mos ravishda 670 va 720 kilometrni tashkil etadi.
Yangi LiDAR tizimi 300 metrga qadar masofani aniqlay oladi va Nvidia’ning Drive Thor chipi bilan ishlaydi. Bu aqlli tizim foydalanuvchi bilan muloqot qila oladi va haydovchining niyatini tushunadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Li Auto Xitoyda olti o‘rindiqli Li i8 elektromobilini taqdim etishi haqida yozgan edi.