«Manchester Siti» Puma bilan bir mlrd funtlik shartnoma imzoladi

15-iyul 2025 17:49 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Foto: Manchester Siti

«Manchester Siti» futbol klubi Puma brendi bilan texnik hamkorlikni 2035-yilgacha uzaytirdi. Bu haqda The New York Times ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, yangi bitim qiymati bir milliard funt sterlingni tashkil etadi. Bu Angliya Premer-ligasi (APL) tarixidagi eng yirik tijorat shartnomasi boʻlib, klubga har yili 100 million funt daromad keltiradi.

Klub Puma bilan 2019/20-yilgi mavsumda hamkorlikni boshlagan. 2022/23-yilgi uy formasi eng koʻp sotilgan liboslardan biri boʻldi. Bundan tashqari, Puma va «Manchester Siti» metaverseda – Roblox platformasi orqali ilk rasmiy klub formasini taqdim etdi hamda sun’iy intellekt yordamida muxlislar tomonidan yaratilgan dizayn asosida yangi forma ishlab chiqildi.

Shuningdek, Pumaʼning stichd shuba kompaniyasi klubning global savdo tarmogʻini kengaytirdi. Manchester Arndale, Abu-Dabidagi Yas Mall va Nyu-Yorkdagi Rockefeller markazida rasmiy doʻkonlar ochildi. ManCity.com onlayn doʻkoni ham aynan stichd tomonidan boshqariladi.

«Puma bilan boshlagan yoʻlimizda biz oʻzimizni sinab koʻrdik va kutilganidan yuqori natijalarga erishdik. Endi bu hamkorlik yanada chuqurlashadi», – deydi «Manchester Siti» bosh direktori Ferran Soriano.

Puma menejeri Artur Hold esa bu hamkorlikni sport maydonida ham, undan tashqarida ham yirik muvaffaqiyat, deb atadi.

Eslatib oʻtamiz, Puma City Football Groupʼga qarashli «Melbourne City», «Girona», «Mumbai City», «Palermo» va boshqa klublar bilan ham texnik hamkorlik qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» va Husanov Pumaʼning yangi kiyimlarini namoyish etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek