
15-iyul ham bir qator muhim yangiliklarga boy bo‘ldi. Kursiv Uzbekistan nashri dunyo sahnasi va respublikamizda yuz bergan xabarlarni bitta materialga jamladi.
«Tashabbusli budjet»ning 2-mavsumi boshlandi

15-iyuldan «Ochiq budjet» portalida «Tashabbusli budjet» jarayonlarining 2025-yilgi 2-mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Fuqarolar 3-avgustgacha o‘z hududidagi muammolar bo‘yicha loyihalarini taqdim etishlari mumkin.
Xitoy iqtisodiyoti AQSh bozorini tark etganidan keyin 5,2% o‘sdi

Xitoy 2025-yilning ikkinchi choragida 5,2 foizlik iqtisodiy o‘sishga erishdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich mutaxassislar kutganidan yuqori bo‘lib, eksportni AQShdan boshqa bozorlarga yo‘naltirish orqali ta’minlandi.
Milliy statistika byurosiga ko‘ra, bu o‘sish birinchi chorakdagi 5,4 foizdan biroz past bo‘lsa-da, yarim yillik umumiy o‘sish 5,3 foizni tashkil etdi. Mamlakat bu yilgi «taxminan 5%» maqsadga erishish uchun ichki va tashqi bosimlarga qarshi kurashmoqda.
50 kun ichida urush tugamasa, Rossiya va uning hamkorlariga 100 foizlik boj qo‘llaniladi – Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majbur qilish uchun yangi strategiyani e’lon qildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Yevropa davlatlari AQShdan qurol xarid qilib, ularni Ukrainaga yetkazadi. Agar 50 kun ichida tinchlik bitimi imzolanmasa, Tramp Rossiyaga, shuningdek, uning neftini sotib olayotgan davlatlarga 100 foizlik boj va ikkinchi darajali sanksiyalar joriy qilishini bildirdi.
Koreyadagi kemasozlik ishiga tayyorlov kurslari uchun qabul boshlandi

Janubiy Koreyadagi kemasozlik ishiga tayyorlov kurslari uchun qabul boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlik va HD Hyundai kemasozlik korxonasi hamkorligida kemasozlik yo‘nalishida malakali kadrlarni tayyorlash uchun uch oylik o‘quv kurslariga qabul ochildi.
International Tashkent mehmonxonasi boshqaruvi Rossiya kompaniyasiga o‘tdi

Rossiyaning Azimut Hotels tarmog‘i Toshkentdagi besh yulduzli International Tashkent mehmonxonasi boshqaruvini o‘z zimmasiga oladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
1997-yilda InterContinental brendi ostida ish boshlagan mazkur mehmonxona 2012-yilgacha xalqaro operator boshqaruvida bo‘lgan, so‘ng faoliyatini to‘xtatgan.
2024-yil noyabr oyida Smart Fast Stroy kompaniyasi bu binoni $26 millionga xarid qilgan edi.
Endi u Azimut Grand Hotel Tashkent nomi bilan faoliyat olib boradi. Bu markaziy Osiyoda Azimut Hotels brendi ostida ochilayotgan birinchi premium mehmonxona bo‘ladi.
AQShda qo‘lga olingan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

AQShda xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinib, vatanga deportatsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosiga tayanib xabar berdi.
Ushbu fuqaro ko‘p miqdordagi mol-mulkni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, Interpol tomonidan qidiruvga berilgan edi.
Obama Tramp hukumatini tanqid qildi

Sobiq AQSh prezidenti Barak Obama Nyu-Jersidagi xususiy xayriya tadbirida Tramp boshchiligidagi hukumatdan norozi bo‘lib, demokratlarni bu holatga tomoshabin bo‘lib qolmaslikka chaqirdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
«Endi shikoyat emas, qadriyatlarni himoya qilish kerak. Jasorat ko‘rsatishning ayni vaqti», dedi u.
Obama Nyu-Jersi va Virjiniyada bo‘ladigan gubernatorlik saylovlarini Demokratik partiya uchun muhim bosqich deb atadi va partiyadoshlarini ushbu nomzodlarga faol ko‘mak berishga undadi. U Mikki Sherrill (Nyu-Jersi) va Abigayl Spanbergerni (Virjiniya) tajribali va amaliy yordamga tayyor nomzodlar sifatida e’tirof etdi.
Umra mavsumi avgust oyida boshlanadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Haj va Umra» markazi 2025-yil avgust oyidan yangi Umra mavsumi boshlanishini e’lon qildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xabar berishicha, dastlabki bosqichda 12 ta tadbirkorlik subyekti mazkur litsenziyani qo‘lga kiritgan. Ma’lumot o‘rnida «O‘zbekistonda Haj va Umra yagona portali» hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqilgan.
Toshkent hokimligi O‘rikzor bozori yopilishi bo‘yicha munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlardagi O‘rikzor bozori buzilib, yopilayotgani haqida turli xabarlarga Toshkent shahar hokimligi rasmiy izoh berdi.
«O‘rikzor savdo kompleksi MChJ hech qanday qurilish yoki qayta qurish ishlari munosabati bilan yopilmaydi. Majmua hududidagi barcha obyektlar belgilangan ish tartibida (haftasiga 7 kun, dam olish kunlarisiz) faoliyatini davom ettirmoqda», – deyiladi xabarda.
Iyul oyi boshida O‘rikzor Stroy gorod qurilish bozori vaqtincha yopilgani haqida xabar berilgandi.
iPhone 17 seriyasi qachon taqdim etiladi

Apple kompaniyasi an’anaviy tarzda har yili sentabr oyida yangi iPhone modellari taqdimotini o‘tkazadi. Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning ma’lumotiga ko‘ra, iPhone 17 seriyasi 2025-yil 8-sentabr kuni namoyish etilishi kutilmoqda.
Taqdimotning aniq sanasi hozircha e’lon qilinmagan. Biroq ehtimoliy sanalar sifatida 8, 9 yoki 10-sentabr ko‘rsatilmoqda.
Xorijdan tovarlarni bojsiz olib kirishdagi ayrim cheklovlar 20-iyuldan kuchga kiradi

20-iyuldan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona imtiyozlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar kuchga kirmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-maydan boshlab quyidagi qiymatlardagi tovarlar boj to‘lovlarisiz olib kirish mumkinligi belgilangan edi.
Rossiyada 110 nafar fuqaroni soxta ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga ish ochildi

Rossiyada 110 nafar fuqaroni soxta ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga ish ochildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mitaning harbiy tergov organlari tomonidan Tatyana Glazkova, Baxtiyor Farajov va Doniyor Fayziyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy kirishi va Kaliningrad viloyatida noqonuniy yashashini tashkil etishda ayblanmoqda.
AQSh dollari yana oshdi

Bugun, 15-iyul kuni dollar kursi 78,98 so‘mga yuqorilab, 12 778,12 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Shuningdek, yevro 83,40 so‘mga yuqorilab, 14 931,23 so‘mni, rubl esa 1,85 so‘mga oshib, 164,01 so‘mni tashkil qildi.
Surxondaryoda advokat $50 ming pora bilan ushlandi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi advokat pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, advokat jinoyat ishi bo‘yicha suddagi tanishlari orqali ayblanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam evaziga $60 ming talab etgan.
16-iyul kuni qanday ob-havo kuzatiladi

16-iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati kechasi 15–30° oralig‘ida, kunduz kunlari esa 27–42° atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» agentligi ma’lum qildi.
Shu singari muhim xabar va yangiliklar, tahliliy maqolalarni Kursiv Uzbekistan nashrida kuzatib boring!