Rossiyada 110 nafar fuqaroni soxta ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga ish ochildi

Rossiyada 110 nafar fuqaroni soxta ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga ish ochildi. Bu haqda Rossiya tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mitaning harbiy tergov organlari tomonidan Tatyana Glazkova, Baxtiyor Farajov va Doniyor Fayziyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy kirishi va Kaliningrad viloyatida noqonuniy yashashini tashkil etishda ayblanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yanvaridan 2025-yil iyunigacha Glazkova, Fayziyev va Farajov ataylab soxta mehnat shartnomalari va turarjoy ijara shartnomalarini tuzib, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning 110 nafardan ortiq fuqarolarini soxta ro‘yxatga qo‘yish bilan shug‘ullangan.
Mazkur jinoyat harbiy tergovchilar tomonidan Rossiya federal xavfsizlik xizmatining Kaliningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Boltiq floti va chegara boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd davomida aniqlangan.
Tergovchilar ma’lumotiga ko‘ra, Glazkovaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi sud tomonidan qo‘llanilgan. Ayni paytda ish bo‘yicha barcha holatlarni aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Rossiyaga boruvchilardan OIV bo‘yicha ma’lumotnoma talab qilinishi mumkinligi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, Davlat dumasiga ko‘p partiyaviy tashabbus sifatida yangi loyiha kiritildi. Unga ko‘ra, mehnat migrantlariga qo‘shimcha talablar belgilanadi. Ular davlat chegarasini kesib o‘tayotganda amal qiluvchi tibbiy sug‘urta polisini taqdim etishi shart bo‘ladi. Shuningdek, ular OIV, B va S gepatiti, sil, sifilis kabi virus va infeksiyalar bo‘yicha yangi ma’lumotnoma ham olib kelishi kerak. Bu hujjatlar chegarada tekshiriladi.