Rossiyaga boruvchilardan OIV bo‘yicha ma’lumotnoma talab qilinishi mumkin

Rossiyaga boruvchilardan OIV bo‘yicha ma’lumotnoma talab qilinishi mumkin. Bu haqda Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat dumasiga ko‘p partiyaviy tashabbus sifatida yangi loyiha kiritildi. Unga ko‘ra, mehnat migrantlariga qo‘shimcha talablar belgilanadi. Ular davlat chegarasini kesib o‘tayotganda amal qiluvchi tibbiy sug‘urta polisini taqdim etishi shart bo‘ladi. Shuningdek, ular OIV, B va S gepatiti, sil, sifilis kabi virus va infeksiyalar bo‘yicha yangi ma’lumotnoma ham olib kelishi kerak. Bu hujjatlar chegarada tekshiriladi.
Shuningdek, Yaroslav Nilov migrantlar o‘z muammolarini emas Rossiya muammolarini hal qilishi kerakligini ta’kidlagan.
«Bugun kadrlar tanqisligi sharoitida biz majburan chet eldan ishchi kuchini jalb qilmoqdamiz. Biroq Rossiyaga ish izlab kelayotgan chet elliklar bizning muammolarimizni hal qilishi kerak, o‘z muammolarini emas», – deydi u.
Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, organizmida narkotik va psixotrop moddalar yo‘qligini tasdiqlovchi tahlil natijalari ham talab etiladi.
Agar bu zaruriy hujjatlardan biri bo‘lmasa, chegaraning o‘zidayoq kirishga ruxsat berilmaydi va ortga qaytariladi.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi shu haftada migrantlar uchun davlat bojlarini oshirish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqishi haqida yozgandik.
Rejalashtirilgan o‘zgarishlar doirasida migratsiya hisobi sohasida davlat bojlari miqdorini o‘zgartirish ko‘rib chiqiladi. Xususan, patent berish, qayta rasmiylashtirish yoki ish ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish narxini 4200 rublgacha (678 ming so‘m) oshirish taklifi ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, patent yoki ish ruxsatnomasining dublikatini olish 2100 rublni (339 ming so‘m) tashkil etadi.