Toshkent hokimligi O‘rikzor bozori yopilishi bo‘yicha munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlardagi O‘rikzor bozori buzilib, yopilayotgani haqida turli xabarlarga Toshkent shahar hokimligi rasmiy izoh berdi.
«O‘rikzor savdo kompleksi MChJ hech qanday qurilish yoki qayta qurish ishlari munosabati bilan yopilmaydi. Majmua hududidagi barcha obyektlar belgilangan ish tartibida (haftasiga 7 kun, dam olish kunlarisiz) faoliyatini davom ettirmoqda», — deyiladi xabarda.
Iyul oyi boshida O‘rikzor Stroy gorod qurilish bozori vaqtincha yopilgani haqida xabar berilgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi O‘rikzor «Stroy gorod» qurilish bozori elektr energiyasidan o‘zboshimchalik bilan uzilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan FVV rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Bayonotga ko‘ra, aslida 2025-yil 13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan, «Oziq-ovqat standart karton» MChJga qarashli savdo binolari yong‘inga qarshi jiddiy kamchiliklar aniqlangani sababli 27-iyundan boshlab bozorda vaqtincha faoliyat to‘xtatilgan.