Fan

Uran sayyorasi o‘z ichki issiqligiga ega – tadqiqot

U quyosh nurlaridan o‘zlashtirgan energiyasidan 12,5% ko‘proq issiqlik tarqatmoqda
Uran sayyorasining ichki issiqlikka ega ekanligi aniqlandi / Foto: Live science

Xyuston universiteti olimlari Uranning ichki issiqlikka ega ekanini tasdiqlovchi yangi tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Bu haqda AGU ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, «Voyajer-2» qurilmasi 1986-yilda bunday issiqlikni aniqlay olmagan edi, ammo yangi kompyuter modellari va kuzatuvlar Uran Quyoshdan olayotganidan ko‘ra ko‘proq issiqlik chiqarayotganini ko‘rsatdi. Bu Uran hali ham o‘zining ilk shakllanish davridagi issiqlikni yo‘qotayotganini anglatadi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Uran quyosh nurlaridan o‘zlashtirgan energiyasidan 12,5% ko‘proq issiqlik tarqatmoqda. Bu ko‘rsatkich boshqa gaz gigantlariga nisbatan kam bo‘lsa-da, sayyoraning o‘ziga xos tuzilishidan darak beradi. Olimlar, shuningdek, Uran energiyasi 20 yillik mavsumiy o‘zgarishlarga bog‘liq ekanini ham ta’kidlamoqda.

Bu kashfiyot NASAning Uranni o‘rganishga bag‘ishlangan kelgusi missiyasini rejalashtirishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kosmik chiqindilarga qarshi yangi texnologiya kashf etilgan edi.