Xitoyda «baxtli raqam» 440 ming dollarga sotildi

Xitoyda 15177777777 raqamli mobil telefon raqami 3,2 million yuanga (taxminan $440 mingga) sotildi. Bu haqda Pepelac news xabar berdi.
Savdo Ali Auction onlayn platformasida bo‘lib o‘tdi va bu raqam 2025-yilda eng qimmatga sotilgan telefon raqamiga aylandi.
Ushbu raqam Xitoyning yirik mobil operatori China Mobile tomonidan taqdim etilgan. Sakkizta ketma-ket yettilikdan iborat bo‘lgani uchun, u 12-toifali «baxtli raqam» sifatida baholangan. Xitoy madaniyatida yetti raqami omad va muvaffaqiyat timsoli hisoblanadi.
Qiziq tomoni shundaki, xaridor ushbu raqamga to‘liq egalik qilmaydi. Shartnomaga ko‘ra, u faqat 20 yil davomida foydalanish huquqini oladi. Shu vaqt mobaynida har oy 1 500 yuan (taxminan $206) to‘lab borishi shart.
Shuningdek, telefon raqamini boshqa bir shaxsga rasmiy ravishda topshirish faqat 5 yildan so‘ng mumkin bo‘ladi. Keyingi rasmiylashtirish ham kamida 5 yil kutishni talab qiladi.
Raqamni sotib olgan shaxsning ismi ochiqlanmadi. Biroq mutaxassislar fikricha, Xitoyda bunday noyob raqamlar obro‘, mavqe va boylik timsoli sifatida qadrlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mars meteoriti kimoshdi savdosiga qo‘yilgani haqida yozgandi.