
Xitoyda yangi Jetour Freelander Exploration+ avtomobili rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda IThome nashri xabar bermoqda.
Model nisbatan katta hajmga ega bo‘lib, narxi hamyonbop – 132,9 ming yuanga, bu taxminan $18,5 mingga teng.
Avtomobil tashqi ko‘rinishi Jetour’ning an’anaviy uslubida taqdim etilgan. U burchakli dizayn, deyarli to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi faralar va oddiy eshik tutqichlari bilan ajralib turadi. G‘ildiraklar 18 dyuymli.

Salon ichida zamonaviy texnologiyalar mavjud: 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli, 12,8 dyuymli markaziy sensorli boshqaruv ekrani va old yo‘lovchi uchun 10,33 dyuymli alohida displey o‘rnatilgan.
Avtomobil o‘lchamlari: 4706 x 1967 x 1845 mm, g‘ildirak bazasi esa 2810 mmni tashkil etadi. Texnik jihatdan u 1,5 litrli, 184 ot kuchiga ega turbomotor va 7 pog‘onali, ikki muftali robot uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Kia’ning eng kichik elektromobili sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.