Xorijdan tovarlarni bojsiz olib kirishdagi ayrim cheklovlar 20-iyuldan kuchga kiradi

20-iyuldan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona imtiyozlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar kuchga kirmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-maydan boshlab quyidagi qiymatlardagi tovarlar boj to‘lovlarisiz olib kirish mumkinligi belgilangan edi:
- Havo transportida – $1000gacha,
- Temir yo‘l va daryo transportida – $500gacha,
- Avtomobil va piyoda o‘tish punktlari orqali – $300gacha.
Ammo 20-iyuldan e’tiboran bu imtiyozlarni qo‘llashga doir muhim cheklovlar joriy etiladi. Ya’ni:
- Temir yo‘l, daryo transporti yoki avtomobil yo‘llari orqali kelayotgan shaxs xorijda kamida 2 kalendar kun,
- Havo transportida esa kamida 3 kalendar kun bo‘lgan bo‘lishi shart.
Agar fuqaro belgilangan muddatdan kam vaqt xorijda bo‘lgan bo‘lsa, u holda tovarlar belgilangan limitlar asosida emas, balki to‘liq qiymati bo‘yicha bojxona to‘lovlari bilan rasmiylashtiriladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 2025-yilning birinchi yarmida 19 mingdan ortiq bojxona qonunbuzarliklari aniqlangani haqida yozgandi.