16-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari, Fitch Ratings’ning O‘zbekiston bank sektori bo‘yicha tahlili, 10-sentabrdan boshlanadigan Jahon chempionati chiptalari savdosi, Rossiyada migrantlarga o‘tkazmalar uchun qo‘yiladigan cheklovlar, Toshkentda Sea Breeze savdo ofislari paydo bo‘lgani haqidagi rasmiy munosabat – «Kursiv» nashri 16-iyun kuni qanday xabarlarni e’lon qildi.
Toshkentda poraxo‘r podpolkovnik qo‘lga olindi

Mirobod tumani IIO bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik sud qarorini o‘zgartirishni va’da qilib, ayblanuvchining yaqinidan $18 ming pora olgan. U garov ehtiyot chorasi qo‘llanilishini va’da qilgan, biroq natijaga erisha olmagach, pulning bir qismini qaytarayotgan paytda qo‘lga olindi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining turdosh ro‘yxati tasdiqlandi

Endilikda ta’lim yo‘nalishlari 33 ta turdosh guruhlarga ajratildi. Bu ro‘yxat o‘xshash soha, tarmoq, yo‘nalish yoki faoliyat turi bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini guruhlashga xizmat qiladi.
Jumladan, «Kasb ta’limi (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha)», «Professional ta’lim (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha)», «Xizmat ko‘rsatish texnika va texnologiyasi (xizmat ko‘rsatish tarmoqlari bo‘yicha)» hamda «Xizmatlar sohasi (faoliyat turlari va yo‘nalishlari bo‘yicha)» yo‘nalishlari bir-biriga turdosh hisoblanadi.
2026-yilgi qishki Olimpiada o‘yinlari uchun medallar taqdim etildi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2026-yil Italiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorlangan medallarni Venetsiyada ommaga namoyish etdi.
Taqdimot marosimi mashhur Canal Grande bo‘yidagi Palazzo Balbi saroyida o‘tkazildi. Yarim doira shaklidagi ikki qismdan iborat medal dizayni sportchilarning uzoq va mashaqqatli yo‘lini, murabbiylar, yaqinlar va jamoadoshlarning hissasini ifodalaydi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlandi

2025/2026-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat OTMdan davlat ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Maxsus sinovlar orqali amalga oshiriladigan ushbu tartib bo‘yicha ballar vazirlik va idoralar takliflari asosida belgilandi.
iPhone 17 seriyasi alyuminiy hoshiya bilan taqdim etiladi

iPhone 17 Air modeli titan korpus bilan jihozlanadi. Alyuminiy titanga qaraganda yengilroq bo‘lsa-da, titan mustahkamligi bilan ajralib turadi. Apple’ning bu yondashuvi, ayniqsa, iPhone 17 Air’ning ingichka va yengil dizaynini mustahkamlash uchun muhim bo‘lishi mumkin.
Yangi seriyada yana bir muhim jihat – Sky Blue rangi faqat iPhone 17 Air modeli uchun maxsus bo‘ladi. iPhone 17 Pro modellari bu rang variantiga ega bo‘lmaydi.
Fitch Ratings O‘zbekiston bank sektori faoliyatini tahlil qildi

Fitch Ratings tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimining faoliyat muhiti so‘nggi yillarda sezilarli darajada yaxshilangan.
Dubay va Londondagi ofislar tomonidan e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar hukumat tomonidan olib borilayotgan tartibga solish islohotlari, boshqaruv tizimini takomillashtirish va tarkibiy muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar hisobiga ro‘y bergan.
Andijonda soxta dollar sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida Departament, Davlat xavfsizlik xizmati va tuman IIB xodimlari tomonidan bir fuqaro qo‘lga olingan. U $1,9 ming soxta AQSh dollarini boshqa bir shaxsga $900 evaziga sotmoqchi bo‘lgan.
Qo‘lga olish vaqtida undan 100 dollarlik soxta kupyuralar daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Tramp Indoneziyaga 19 foizlik boj joriy etishini ma’lum qildi

15-iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Indoneziya bilan yangi savdo kelishuvi tuzilganini e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh Indoneziyadan import qilinadigan tovarlarga 19 foizlik boj joriy qiladi. Tramp bu haqda Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi.
«Biz hech qanday boj to‘lamaymiz, ular esa 19 foiz to‘laydi. Eng muhimi, endi biz Indoneziya bozoriga kirish imkoniga ega bo‘ldik. Bungacha bunday imkoniyat yo‘q edi», – dedi Tramp.
2026-yilgi Jahon chempionati chiptalari savdosi 10-sentabrdan boshlanadi

FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati chiptalarini sotib olish jarayoni 2025-yil 10-sentabrdan boshlanishini e’lon qildi. FIFA muxlislarni rasmiy veb-saytda ro‘yxatdan o‘tib, chipta olish uchun o‘z qiziqishlarini bildirishga chaqirdi. Chiptalar bosqichma-bosqich sotuvga chiqariladi.
Har bir bosqichda to‘lov usullari, mahsulot turlari va sotib olish jarayonlari farq qilishi mumkin. Har bir bosqich bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar yaqin oylarda e’lon qilinadi.
Rossiyada migrantlarga maoshidan ortiq pul jo‘natish taqiqlanishi mumkin

Rossiyada migrantlarga maoshidan ortiq pul jo‘natish taqiqlanishi mumkin.
Unga ko‘ra, «Yangi odamlar» («Noviye lyudi») fraksiyasi yetakchilari Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullinaga maktub yo‘llagan. Ushbu maktubda migrantlarga xorijga rasmiy ish haqidan ko‘proq pul o‘tkazishni taqiqlash taklif qilingan.
IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi oshgani haqidagi xabarlar asossiz – Bojxona qo‘mitasi

IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi oshgani haqidagi xabarlarga Bojxona qo‘mitasi rasmiy izoh berdi. Qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyevning qayd etishicha, to‘lov narxi oshmagan.
Ayni paytda chet eldan keltirilgan qurilmalarni IMEI-kod ro‘yxatdan o‘tkazish narxi BHMning 20 foizi miqdoriga (75 ming so‘m) teng.
Tugatilgan AOKA vazifalari «O‘zkomnazorat» inspeksiyasiga o‘tkazildi

Prezident «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining (AOKA) axborot sohasidagi nazorat va monitoring vazifalari «O‘zkomnazorat» inspeksiyasiga o‘tkazildi.
Toshkentda Sea Breeze savdo ofislari paydo bo‘ldi – kompaniya munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoqdagi quriladigan Sea Breeze loyihasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bugun ushbu loyiha hali tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, yer ajratish ishlari boshlangani va loyiha ofislari tashkil etilganligi bo‘yicha xabarlar tarqaldi. «Kursiv» nashri Ekologiya vazirligiga bu masala yuzasidan murojaat qildi.
«Ushbu Sea Breeze savdo ofisi Ozarbayjondagi asosiy loyihada ko‘chmas mulk sotadi. Bizning savdo ofislarimiz Rossiya, Ozarbayjon, Isroil, shuningdek, Turkiya va boshqa MDH mamlakatlarida ochilgan. Agar biz kelishuvning barcha bosqichlaridan o‘tsak va loyiha Chorvoqda qabul qilinsa, unda albatta bu yo‘nalishda ham sotuv ishlari bo‘yicha ishlar boshlaymiz», – deya See Breeze kompaniyasi matbuot kotibi Ekologiya vazirligiga munosabat bildirgan.
AQSh dollari pastladi

Bugun, 16-iyul kuni dollar kursi 19,76 so‘mga pastlab, 12 758,36 so‘mni qayd etdi.
Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 111,12 so‘mga pasayib, 14 820,11 so‘mni, rubl esa 0,67 so‘mga pasayib, 163,34 so‘mni tashkil qildi.
O‘zbekistonda 1,8 mingta radar qayerlarda «yashiringan»

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini aniqlash uchun respublika bo‘ylab foto va video qayd etish vositalari o‘rnatilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) ularning joylashuvi bo‘yicha batafsil ro‘yxatni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, respublika hududida 1831 ta avtomatlashtirilgan kamera va radarlar faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15-iyul kuni sodir bo‘lgan eng muhim xabarlar dayjestini e’lon qilgandi.