Yangiliklar

2028-yilgi Olimpiada musobaqalari 12-iyuldan boshlanadi

Musobaqa 30-iyulda yakunlanadi
2028-yilgi Olimpiada musobaqalar 12-iyuldan boshlanadi / Foto: Curbed LA

AQShning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari 2028-yil 14 – 30-iyul kunlariga belgilandi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Biroq ishqibozlari musobaqalarni avvalroq – 12-iyuldan boshlab tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Bu kunda futbol, regbi-7, chim ustida xokkey, kriket, suv polosi va gandbol bo‘yicha dastlabki bahslar boshlanadi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ochilish marosimi 14-iyul kuni ikkita yirik sport inshootida – «Los Angeles Memorial Coliseum» va «SoFi Stadium»da bir vaqtda o‘tkaziladi. Bu Olimpiya tarixida noyob holat hisoblanadi.

15-iyuldan boshlab medallar taqsimlana boshlaydi, ilk oltin esa triatlonda topshiriladi. 29-iyul esa eng faol kun bo‘lib, taxminan 35 sport turida final bahslari rejalashtirilgan.

Musobaqaning yakuniy kuni – 30-iyulda yopilish marosimi hamda basketbol, gandbol, suv polosi kabi jamoaviy sport turlarining hal qiluvchi bellashuvlari o‘tkaziladi.

Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 32 sport turi bo‘yicha to‘liq jadval, saralash va final bosqichlari haqida ma’lumotlar rasmiy veb-saytda e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilgi qishki Olimpiada o‘yinlari uchun medallar taqdim etilgan edi.