
Prezident «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining (AOKA) axborot sohasidagi nazorat va monitoring vazifalari «O‘zkomnazorat» inspeksiyasiga o‘tkazildi.
Bundan tashqari, farmon bilan:
- AOKA huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya tasarrufiga o‘tkazildi;
- Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi;
- Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida OAV uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi;
- Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya tasarrufiga o‘tkazildi.
Shuningdek, 2025-yil 1-sentabrgacha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ortiqcha nazorat funksiyalarini bekor qilish va qaror qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha hujjatlar ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, mahalliy hokimliklarning iqtisodiy, ma’muriy va moliyaviy vakolatlari kengaytirilib, hududlarni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish choralari ko‘riladi.
Avvalroq AOKA o‘rniga Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilishi haqida yozgandik.