Dunyoning eng keksa marafonchisi 114 yoshida vafot etdi

16-iyul 2025 16:41 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Dunyoning eng keksa marafonchisi 114 yoshida vafot etdi. Foto: Times/Mint/Getty Images

Hindistonda dunyoning eng keksa marafon yuguruvchisi Fauja Singh 114 yoshida yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1911-yilda tug‘ilgan Singh Panjob shtatidagi Beas qishlog‘i yaqinida piyoda yurgan vaqtda noma’lum avtomobil urib ketgan. Og‘ir jarohat olgan sportchi Jalandhar tumanidagi Shrimann shifoxonasida hayotdan ko‘z yumgan. Hodisada ayblanayotgan 26 yoshli shaxs kuzatuv kamerasi orqali aniqlanib, hibsga olingan.

Ma’lumot uchun, Fauja Singh o‘zining sport faoliyatini 89 yoshida boshlagan bo‘lib, keyingi yillarda to‘qqizta marafonni muvaffaqiyatli o‘tkazgan. 2011-yilda Toronto shahrida 100 yoshda marafonni yakunlab, tarixga kirgan.

U Ginnes rekordlar kitobiga kirmagan bo‘lsa-da, sport olamida «Salla o‘ramli to‘fon» (Turbaned Tornado) laqabini olgan. U hayoti davomida yugurishni qayg‘u va yo‘qotishlarni yengishga yordam bergan vosita deb atagan.

Singh 2012-yilgi London Olimpiadasida olov mash’alasini olib yurgan, so‘nggi marafoni esa 2013-yilda Gonkongda o‘tkazilgan 10 kilometrli yugurish bo‘lgan. Britaniya qirolichasi uni 100 yoshga to‘lishi bilan shaxsan tabriklagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Liverpul» futbolchisi, portugaliyalik hujumchi Diogu Jota Ispaniyaning g‘arbiy hududida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgani haqida yozgandi.

Shuningdek