Ko’chmas mulk

Endilikda xorijliklar Saudiya Arabistonida ko‘chmas mulkka egalik qilishi mumkin bo‘ladi

Mazkur tizim 2026-yil yanvaridan kuchga kiradi
Endilikda xorijliklar Saudiya Arabistonida ko‘chmas mulkka egalik qilishi mumkin bo‘ladi. Foto: AFP

Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi qirollikda chet elliklar uchun ko‘chmas mulkka egalik qilish imkonini beruvchi yangilangan tizimni ma’qulladi. Bu haqda Arab news nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, xorijliklarga Riyoz va Jidda kabi belgilangan geografik hududlarda mulkka egalik qilishga ruxsat beriladi, Makka va Madinada esa maxsus talablar qo‘llaniladi. Ko‘chmas mulk bo‘yicha bosh boshqarma qaysi geografik hududlar xorijliklar uchun ochiqligini aniqlaydi. Mazkur tizim 2026-yil yanvaridan kuchga kiradi.

Keng qamrovli nizomda chet el fuqarolari uchun mulk xarid qilish tartiblari va ijro talablari belgilangan. Shu bilan birga, u barcha sohalarda iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarni hisobga olgan holda qo‘llash jarayonlarini batafsil tushuntirib beradi.

Yangi tizim Premium rezidentlik dasturi (Iqama) va Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi fuqarolari uchun ko‘chmas mulkka egalik qilishni tartibga solish bilan ham uyg‘unlashadi. Bu esa investitsiyalar va yashash maqsadida mulkka transchegaraviy egalik qilishni tartibga soladi.

Ko‘chmas mulk bo‘yicha mutaxassis va marketolog Badr Al-Sulaymoniy Saudiya Arabistonining katta hududlaridan samarali foydalanish strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, hozirgi rivojlanish qirollik hududining atigi 0,36 foizini qamrab oladi.

«Ushbu tartib-qoidalar hukumatning tabiiy va geografik resurslardan maksimal foydalanish orqali Vision 2030 maqsadlariga erishishga, shuningdek, Expo 2030 va 2034-yilgi Jahon chempionati kabi yirik xalqaro tadbirlarga infratuzilmani tayyorlashga sodiqligini ko‘rsatadi», – deydi Al-Sulaymoni.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiyada kapsula shaklidagi yangi kurort zona ish boshlagani haqida yozgandi.

Kurortda ko‘plab qulaylik va xizmatlar mavjud: yuqori darajadagi restoranlar, sport zali, spa va sog‘lomlashtirish markazi, shuningdek, sho‘ng‘ish va vindsorfing kabi faoliyat turlari. Bir kecha uchun bron qilish narxi 9 ming Saudiya rialidan ($2,4 ming) boshlanadi.