
iPhone 17, 17 Pro va 17 Pro Max modellari alyuminiy hoshiyaga ega bo‘ladi. Bu haqda Macrumors nashri ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, faqatgina iPhone 17 Air modeli titan korpus bilan jihozlanadi. Alyuminiy titanga qaraganda yengilroq bo‘lsa-da, titan mustahkamligi bilan ajralib turadi. Apple’ning bu yondashuvi, ayniqsa, iPhone 17 Air’ning ingichka va yengil dizaynini mustahkamlash uchun muhim bo‘lishi mumkin.
Yangi seriyada yana bir muhim jihat – Sky Blue rangi faqat iPhone 17 Air modeli uchun maxsus bo‘ladi. iPhone 17 Pro modellari bu rang variantiga ega bo‘lmaydi.
iPhone 17 Pro va Pro Max uchun ishlab chiqilgan yangi MagSafe g‘iloflar ham dizayn yangiliklarini hisobga olgan. Kameraning o‘lchami oshgani sababli Apple logotipi korpusda pastroqqa siljigan. Yangi g‘iloflarda ochiq magnit halqasi dizayni joriy etilgan.
Economic Times’ning yozishicha, Apple’ning Hindistondagi asosiy yig‘uvchisi – Foxconn kompaniyasi iyun oyida displeylar, kamera modullari, himoya oynalar va boshqa muhim komponentlarni yetkazib olishni boshlagan. Bu esa iPhone 17 seriyasining ishlab chiqarishga tayyorlanayotganini tasdiqlaydi.
Apple’ning bu yilgi taqdimoti 8 – 10-sentabr kunlariga rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 Air to‘rt xil rangda taqdim etilishi haqida xabar bergan edi.