
Kia kompaniyasi tomonidan Hindiston bozori uchun maxsus ishlab chiqilgan Kia Carens Clavis elektromobili namoyish qilindi. Bu haqda Auto.ru nashri xabar bermoqda.
Bu model avval ichki yonuv dvigateli (DVS) bilan ishlab chiqarilgan avtomobilning elektr versiyasi hisoblanadi. Yangi modelning yurish zaxirasi 490 km gacha. Boshlang‘ich narxi esa 1,8 million rupiyni (taxminan $20 ming) tashkil etadi. Kia bu avtomobilni boshqa davlatlarga ham olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Carens Clavis dizayni Kia elektromobillariga o‘xshatib yaratilgan. Gabaritlari esa DVS versiyasiga o‘xshash. Avtomobil uch qator o‘rindiqli bo‘lib, jami 7 o‘ringa ega.
Baza modelida 135 ot kuchiga ega elektromotor va 42 kVt⋅soatli akkumulyator mavjud. U 404 km masofa yuradi. Qimmatroq versiyada 171 ot kuchiga ega motor va 51,4 kVt⋅soatli batareya bor. U esa 490 kmgacha harakatlana oladi.
Avtomobil 100 kVtgacha tezkor quvvat olishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, tashqi qurilmalarni ulash funksiyasi ham mavjud.
Salonida ikki dona 13 dyuymli ekran, ventilyatsiyali old o‘rindiqlar, Bose audio tizimi, panoramali tom va 20 ta haydovchiga yordamchi tizimlar bor. Mashina to‘liq Hindistonda yig‘iladi.

Ma’lumot o‘rnida, Kia – Janubiy Koreyadagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri. Kompaniya 1944-yilda tashkil etilgan. Hozirda u Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi. Kia butun dunyo bo‘ylab mashinalar ishlab chiqaradi va eksport qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia 2026-yilda XCeed modelini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida yozgan edi.