
Malayziya futbol federatsiyasi (MFA) 2025-yilda bo‘lib o‘tadigan CAFA Nations Cup musobaqasida ishtirok etmasligini e’lon qildi. Bu haqda Sportstar nashri xabar bermoqda. Ularning bayonotiga ko‘ra, bunga logistik muammolar va futbolchilarning kela olmasligi sabab bo‘lgan.
Turnir 29-avgustdan 8-sentyabrgacha Tojikiston va O‘zbekiston mezbonligida o‘tkaziladi. Bu sana FIFA xalqaro kalendaridan boshqa kunlarga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun klublar futbolchilarni terma jamoalarga yuborishga majbur emas.
«Biz Ispaniya, Argentina, Kolumbiya va Yaponiyada o‘ynayotgan futbolchilarimizni o‘z vaqtida olib kelolmaymiz. Bu esa jiddiy muammo», — dedi bosh murabbiy Piter Sklamovski.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l xarajatlari va tayyorgarlik muammolari ham qarorga ta’sir qilgan.
«Futbolchilar salomatligini xavf ostiga qo‘yolmaymiz», — degan u.
MFA endi asosiy e’tiborni sentabr oyidagi rasmiy o‘yinlarga qaratadi. Oktabr va noyabr oylarida bo‘lib o‘tadigan Laos va Nepalga qarshi muhim bahslarga tayyorgarlik ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) tashkillashtirayotgan CAFA Nations Cup – 2025 musobaqasida guruhlar aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.